O‘zbekiston | 02:38 / 27.07.2018
13276
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondan qo‘shni respublikalarga yangi avtobus qatnovlari ish boshlaydi

O‘zbekistonga yaqin respublikalarning yirik shaharlariga yo‘lovchilarni avtobuslarda muntazam tashishni tashkil etish maqsadida yangi muzokaralar boshlangan. Bu haqda O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi direktori Davron Dehqonov ma'lum qilgan. 

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistondan Tojikiston Respublikasiga «Termiz – Dushanbe», «Denov – Dushanbe», «Samarqand – Panjikent» va «Samarqand – Dushanbe» avtobus yo‘nalishlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlar yakunlanish arafasida qolmoqda.

Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasiga «Toshkent – Qizilo‘rda», «Toshkent – Turkiston», «Nukus – Aktau», «Toshkent – Taroz» yo‘nalishlari; Qirg‘iziston Respublikasiga «Andijon – O‘sh», «Toshkent – Issiq ko‘l» yo‘nalishlari bo‘yicha ham yangi qatnovlar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

Rossiya Federatsiyasiga «Toshkent – Nijniy Novgorod», «Toshkent – Omsk», «Toshkent – Ufa – Kazan» va boshqa yo‘nalishlarni ochish bo‘yicha tegishli qatnov hujjatlari ishlab chiqilib, o‘rnatilgan tartibda kelishilmoqda.​

Shu bilan bir qatorda joriy yilda 4 ta xalqaro «​Toshkent – Olmaota»​, «Toshkent – Chimkent», «Toshkent – Bishkek» va «Toshkent – Xo‘jand» avtobus yo‘nalishlari ochilib, avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi.

Shu kungacha ushbu yo‘nalishlarda 40 mingdan ortiq yo‘lovchi tashilgan.

Mavzuga oid