Yarashtirish komissiyasining asosiy vazifalari nimalardan iborat?
O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman (shahar) kengashlari qoshidagi yarashtirish komissiyasi to‘g‘risida namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror loyihasi e'lon qilindi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman (shahar) kengashlari qoshidagi yarashtirish komissiyasi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, yarashtirish komissiyasi o‘z faoliyatini davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari shu jumladan, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman (shahar) kengashlari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
Yarashtirish komissiyasining maqsadi – Fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasi tomonidan fuqarolarning oilada va mahallalarda tinch-osoyishta, hamjihatlikda yashashiga ko‘maklashish, oilaviy nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini milliy va ma'naviy qadriyatlarimizga tayangan holda keng targ‘ib etish orqali ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlashda olib borilayotgan faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ko‘maklashish.
Quyidagilar Yarashtirish komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
oilaviy nizolarning kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish;
yoshlar tarbiyasiga, yoshlarning turli yot g‘oyalar ta'siriga tushib qolishi, ichkilikbozlik hamda giyohvandlik illatlariga berilishi oqibatida kelib chiqishi va sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarga e'tiborsizlik bilan qarayotgan ota-onalar o‘rtasida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
yoshlarning oila qurishga ruhiy va ma'naviy jihatdan tayyorligi hamda erta nikohning oqibatlari bo‘yicha yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish;
oilaning muqaddasligi va jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekanligini yoshlar ongiga singdirish hamda oilaviy ajralishlarning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini tashkil etish;
er-xotin, qaynona va kelin, yaqin qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida kelib chiqqan nizolarni bartaraf etish hamda buzilgan munosabatlarni tiklashga doir tushuntirish ishlari va amaliy choralar ko‘rish;
oilaviy nizolarni ijobiy hal etish, oilalarning ajralishlariga yo‘l qo‘ymaslik, voyaga yetmaganlarning hayoti va kelajagi uchun oilalarni saqlab qolish bo‘yicha yosh oilalar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish;
ichkilikbozlikka ruju quygan, giyohvandlik illatlariga berilgan, notinch va noqobil oilalar tomonidan kelib chiqqan nizolarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda bartaraf etish;
oilaviy nizolarga oid bo‘lgan boshqa masalalar yuzasidan ishlarni ko‘rib chiqadi.
Yarashtirish komissiyasi quyidagi huquqlarga ega:
Fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasining yozma murojaatini hal etish maqsadida belgilangan tartibda tegishli tashkilotlardan ma'lumotlar olish va zarur hollarda murojaatlarni joyiga chiqib o‘rganish;
oilaviy nizolarning kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan belgilangan tartibda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borish bo‘yicha hududiy kengashga takliflar kiritish;
oilaviy nizolar oqibatida kelib chiqayotgan oilaviy ajralishlarning oldini olish, voyaga yetmaganlarning hayoti va kelajagi uchun oilalarni saqlab qolish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda chora-tadbirlar ishlab chiqish;
nikohdan ajralish holati qayd etilgan oilalarda bolalarning ota-onasining qaysi biri bilan yashashi, bolalarning farzandlikka olinishi yoki maxsus muassasalarga, shu jumladan «Mehribonlik» va «Muruvvat» uylariga joylashtirilishini belgilangan tartibda hal etish bo‘yicha hududiy kengashga takliflar kiritish;
nizolashayotgan er-xotin va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi mol-mulk, merosning bo‘linishini tinch yo‘l bilan hal etishda o‘z vakolati doirasida ishtirok etish;
zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida zarur axborot va tushuntirishlar olish uchun o‘z majlislariga mutasaddi tashkilotlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillarini hamda mutaxassislarni taklif etish bo‘yicha hududiy kengashiga takliflar kiritish;
ushbu Nizomda belgilangan vazifalarni bajarishda tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha hamda faoliyatiga oid masalalar yuzasidan qabul qilgan qarorlarini hududiy kengashda ko‘rib chiqish uchun taqdim etish.
Yarashtirish komissiyasining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
o‘z faoliyatida qonunchilikka va ushbu Nizom talablariga qat'iy rioya qilish;
ushbu Nizomda belgilangan vazifalarni amalga oshirish;
oilalardagi ma'naviy muhit barqarorligining buzilishiga, fuqarolar qadr-qimmatining kamsitilishiga, huquq va erkinliklarining poymol etilishiga, oilaviy nizolarning kelib chiqishiga va voyaga yetmaganlarning hayoti va kelajagi uchun oilaviy ajralishlarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish;
faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha targ‘ibot ishlarini samarali va maqsadli tarzda muntazam ravishda amalga oshirish;
qonun buzilishi holatlari aniqlangan hollarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish to‘g‘risida hududiy kengashga takliflar kiritish.
Mavzuga oid
08:44 / 06.06.2022
Parrandachilikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi o‘zgaradi
09:01 / 08.04.2022
«Olima ayollar jamiyati» nimalar bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘ldi
07:51 / 26.03.2022
2021 yilda qurilishdagi baxsiz hodisalar oqibatida 84 nafar ishchi halok bo‘lgan
07:28 / 09.03.2022