Jamiyat | 15:49 / 02.08.2018
69197
2 daqiqa o‘qiladi

Video: Qoraqalpog‘istonda «samosud». O‘g‘rilikda gumonlanuvchini qo‘lidan osishdi

Tahririyatimizga Qoraqalpog‘iston respublikasi Beruniy tumanidan yuborilgan videolavha kelib tushdi. Unda tumanning Shabboz dehqon bozorida insonning tahqirlanishi bilan bog‘liq holat tasvirlangan. 

Ma'lum qilinishicha, bozorda savdo qiluvchilar o‘g‘rilik qilganlikda gumonlangan shaxsni tutib olishib, ichki ishlar idoralariga murojaat qilish o‘rniga o‘zlaricha jazolashga qaror qilishgan. Bir to‘da kishi uni bozorga kiraverish darvozasiga qo‘lidan osib qo‘yishgan va videotasvirga olgan. 

Qayd etish kerakki, keyingi vaqtlarda «samosud» holatlarini videoga olib tarqatish hollari ko‘paydi. Bundan avval, Xorazm viloyatida olingan shunga o‘xshash video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.

Shu o‘rinda «Kun.Uz» O‘zbekiston fuqarolariga shuni eslatadiki, har bir insonning sha'ni, qadr-qimmati, obro‘si mamlakat qonunchiligi bilan himoyalangan. Biz huquqiy davlatda istiqomat qilayotgan ekanmiz, o‘g‘rilik yoki har qanday boshqa huquqbuzarlik va jinoyat uchun jazo beruvchi davlat idoralari borligini, hech kimni aybi isbotini topmaguncha istalgan fuqaro o‘z xohishi bilan jazolashga umuman haqi yo‘qligini eslatib o‘tmoqchimiz. Qonunbuzarlikda gumon qilingan shaxs ushlangan taqdirda yaqin oradagi ichki ishlar idoralariga telefon orqali yoki shaxsan borib murojaat qilish talab etiladi. 

Shu bilan birga, tahririyat Ichki ishlar vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar e'tiborini jamiyatdagi shu kabi salbiy holatlar va ularning oqibatining oldini olishga qaratib qoladi. Bundan tashqari «Kun.Uz» muxbiri Beruniy tumani IIB bilan bog‘lanib, voqeaga oydinlik kiritishni so‘radi. Tez orada mazkur voqea yuzasidan rasmiy izoh taqdim etiladi.

Mavzuga oid