Jamiyat | 10:22 / 07.08.2018
10933
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon shahrida pichoq bilan tan jarohati yetkazish holatlari sodir etildi

Andijon shahrida joriy yilning 5 avgust kuni fuqaro K. A. o‘z tanishi “Jumabozor” mahallasida yashovchi A. G‘ bilan o‘zaro janjallashib, yonida bo‘lgan yig‘ma pichoqni A. G‘aniyevning biqin qismiga sanchib, og‘ir tan jarohati yetkazadi, deya xabar beradi Andijon IIB matbuot xizmati.

Oqibatda A.G‘. kasalxonaga yotqizilgan. Holat atroflicha o‘rganilganida ikki qo‘shni o‘rtasidagi janjal mast holda bir-birlarini haqoratlashi tufayli kelib chiqqani aniqlandi.

Oradan bir kun o‘tib 6 avgust kuni yana Andijon shahrida pichoqbozlik holati sodir etildi. “Mustaqillik” MFYda yashovchi fuqaro M.A. tanishi “Oxunboboyev” MFYda yashovchi S. S. bilan o‘rtalaridagi oldi-berdi masalasi bo‘yicha o‘zaro janjallashib, M.A yonida bo‘lgan pichoq bilan S.Sultonovning qorin kismiga bir marotaba urib tan jarohati yetkazgan. Buning oqibatida S.Sultonov ham shifoxonaga yotqizilgan.

Andijon shahrida sodir etilgan har ikki jinoyat IIB xodimlari tashabbusi bilan keng jamoatchilik, mahalla vakillari o‘rtasida muhokama qilindi. Yig‘ilishlarda aynan jinoyat sodir etilgan mahalladan ishtirok etgan hayot tajribasiga ega yoshi ulug‘ insonlar bu holatga o‘zlarining munosabatlarini ochiq-oydin bildirib o‘tishdi.

O‘tkazilgan muhokamada aslida kelishuv bilan hal qilish mumkin bo‘lgan bu kabi ko‘ngilsizliklarning sodir etilayotganligi mahalla, jamoatchilik oldida nomunosib holatlardan biri ekanligi aytildi.

Mazkur holatlardan kelib chiqib, Andijon viloyat IIB patrul post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi xodimlari ota-onalar va yoshlar o‘rtasida tig‘li jismlarni yonida olib yurish va saqlamaslik bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.

Mavzuga oid