O‘zbekiston | 10:04 / 08.08.2018
14005
8 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar organlarining ma'muriy nazorati qanday shaxslarga nisbatan o‘rnatiladi?

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Jazoni ijro etish muassasalaridan bo‘shatilgan shaxslar ustidan ichki ishlar organlarining ma'muriy nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida Ichki ishlar vazirligi loyihasi e'lon qilindi.

Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslar ustidan ichki ishlar organlarining ma'muriy nazorati to‘g‘risidagi qonunning yangi tahririga ko‘ra, shaxs, jamiyat va davlatning muhofazasini ta'minlash hamda huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish maqsadida nazorat ostidagi shaxslarga nisbatan ushbu Qonunda nazarda tutilgan cheklashlarni qo‘llashdan iborat bo‘lgan tarbiyaviy-profilaktik ta'sir ko‘rsatish ma'muriy nazoratning asosiy vazifalari hisoblanadi.

Ma'muriy nazorat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari qonuniylik, adolat, insonparvarlik, demokratizm, cheklashlarni qo‘llashda differensiatsiya va individuallashtirishga rioya etish hamda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarning qonunga itoatkor xulq-atvorini rag‘batlantirish prinsiplariga asoslanadi.

Ma'muriy nazorat o‘rnatilishi va amalga oshirilishi nazorat ostidagi shaxsning boshqa huquq va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi, uning insoniy qadr-qimmatini kamsitmasligi lozim.

Ma'muriy nazorat voyaga yetgan qo‘yidagi shaxslarga nisbatan o‘rnatiladi:

sud tomonidan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan shaxslarga nisbatan;

o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxslarga nisbatan;

tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar yoki O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 241-1, 244-2-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan shaxslarga nisbatan;

og‘ir jinoyatlari uchun ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan yoki har qanday qasddan qilingan jinoyatlar uchun ikki yoki undan ortiq marta hukm etilgan shaxslarga nisbatan – agar ular ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tash davrida saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi deb topilgan bo‘lsalar;

og‘ir jinoyatlari uchun ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan yoki har qanday qasddan qilingan jinoyatlar uchun ikki yoki undan ortiq marta hukm etilgan yoxud O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq, og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat hisoblanadigan qilmishlarni sodir etganlari uchun boshqa davlatlar hududida ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tagan shaxslarga nisbatan – agar ular jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilganlaridan so‘ng fuqarolarning huquq va erkinliklariga, jamoat tartibiga yoki boshqaruvning belgilangan tartibiga tajovuz qiluvchi ma'muriy huquqbuzarliklarni yil davomida ikki yoki undan ortiq marta sodir etgan bo‘lsalar yoki ularga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chorasi sifatida rasmiy ogohlantirish yil davomida takroriy qo‘llanilgan bo‘lsa.

Ma'muriy nazorat sudlanganlik holati tugallangan yoki sudlanganligi olib tashlangan shaxslarga nisbatan o‘rnatilishi mumkin emas.

Ma'muriy nazorat o‘rnatiladigan shaxslarga nisbatan, u sodir etgan qilmish xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, quyidagi cheklashlar qo‘llanilishi mumkin:

kunning muayyan vaqtida turar joyidan chiqmaslik;

tuman (shahar)ning muayyan jamoat joylarida bo‘lmaslik;

ichki ishlar organlarining ruxsatisiz tuman (shahar) chegaralaridan tashqariga chiqib ketmaslik;

ro‘yxatdan o‘tish uchun har oyda bir martadan to‘rt martagacha ichki ishlar organiga kelish;

alkogol ichimliklarni, narkotik vositalar va psixotrop moddalarni iste'mol qilmaslik;

muayyan buyumlarga egalik qilmaslik yoki saqlamaslik.

Yuqorida ko‘rsatilgan cheklashlar nazorat ostidagilarning turmush tarziga, oilaviy ahvoliga, ilgari sudlanganligiga va uning shaxsini tavsiflovchi boshqa holatlarga qarab to‘la hajmda yoki alohida qo‘llaniladi.

Cheklashlar ro‘yxati uzil-kesil hisoblanadi, unga qo‘shimchalar qilish yoki kengaytirib talqin etish mumkin emas.

Qo‘llanadigan cheklashlar nazorat ostidagi shaxsning turmush tarzi va xulq-atvoriga qarab, lekin ushbu moddada nazarda tutilgan cheklashlar doirasida qisqartirilishi yoki to‘ldirilishi mumkin.

Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudyasi qarori ma'muriy nazorat o‘rnatish uchun asos hisoblanadi.

Ma'muriy nazorat o‘rnatish zarurligi to‘g‘risidagi asosli taqdimnoma sudga yuboriladi:

jazoni ijro etish muassasalarida bo‘lgan, sud tomonidan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni yoki tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlarni yoxud O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 241-1, 244-2-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan – jazoni ijro etish muassasasi boshlig‘i tomonidan, ozod etilishidan kamida bir oy oldin;

jazoni ijro etish muassasalarida bo‘lgan, og‘ir jinoyatlari uchun ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan yoki har qanday qasddan qilingan jinoyatlar uchun ikki yoki undan ortiq marta hukm etilgan shaxslarga nisbatan – jazoni ijro etish muassasasi boshlig‘i tomonidan, ozod etilishidan kamida bir oy oldin, ular ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tash davrida saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi deb topilganlaridan darak beruvchi materiallar asosida;

jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarga nisbatan – ichki ishlar organi boshlig‘i tomonidan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan sudlanganlik muhlatining tugashi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi belgilangan muddatlarda, ular jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilganlaridan so‘ng fuqarolarning huquq va erkinliklariga, jamoat tartibiga yoki boshqaruvning belgilangan tartibiga tajovuz qiluvchi ma'muriy huquqbuzarliklarni yil davomida ikki yoki undan ortiq marta sodir etganlaridan yoki ularga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chorasi sifatida rasmiy ogohlantirish yil davomida takroriy qo‘llanilgandan dalolat beruvchi materiallar asosida.

Ma'muriy nazorat o‘rnatish to‘g‘risidagi masala sudya tomonidan taqdimnoma olingan paytdan boshlab 10 kun muddat ichida ko‘rib chiqiladi.

Ma'muriy nazorat o‘rnatish to‘g‘risidagi qarorda nazoratni o‘rnatish uchun asoslar, nazorat muddati, nazorat ostidagi shaxsga nisbatan qo‘llanilgan ma'muriy cheklashlar, shaxs sodir etgan qilmishining xususiyatlari hisobga olingan holda ko‘rsatib o‘tiladi. Shuningdek, ma'muriy nazorat o‘rnatish to‘g‘risidagi qarorda, agar ma'muriy nazorat jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etishda o‘rnatilgan bo‘lsa, nazorat ostidagi shaxs tanlagan yashash joyiga yetib kelish muddati ko‘rsatiladi.

Ma'muriy nazorat bir yil muddatga o‘rnatiladi. Ma'muriy nazorat muddati, sudya ma'muriy nazoratni o‘rnatish to‘g‘risida qaror chiqargan paytdan boshlab, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etishda o‘rnatilgan hollarda, nazorat ostidagi shaxs tanlangan yashash joyiga yetib kelgan paytdan boshlab hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid