Jamiyat | 11:22 / 29.08.2018
48207
14 daqiqa o‘qiladi

Milliy serial brendi bilan «milliy xiyonat» targ‘ibotiga «start» berildimi?

Odam Ato zamonidan to bugungi kunga qadar ayol nozik hilqat sifatida erkak bilan birga umrguzaronlik qilib, insoniyat hayotining davomiyligini ta'minlab kelmoqda.

Real hayotda bo‘lganidek janridan qat'i nazar badiiy adabiyot yoxud kino bo‘lsin, uni ayol obrazisiz tasavvur qilish qiyin. «Ming bir kecha» ertaklari orqali ayol obrazi eng yuqori mo‘'jizaviy estetik hilqat sifatida tasvirlandi. Sharq she'riyatida esa ayolga bo‘lgan ta'rifu tavsif «Ming bir kecha»nikidan kam bo‘lmadi. O‘rta asrlarda real hayotda ayollarni jodugarlikda ayblab gulxanda kuydirish oddiy holat edi, lekin Shekspir zamonasidagi dramaturglar ayol obrazini ijobiy ma'noda yangi bir cho‘qqiga olib chiqdi. Shu o‘rinda eslatish joizki, Dante qalamiga mansub «Ilohiy komediya» asarining «A'rofa» qismi bevosita biz bilgan To‘marisning jasoratiga bag‘ishlangan. Shekspir To‘maris obrazini Yevropa ayollariga namuna qilib ko‘rsatgan. Frantsuz adabiyotida esa To‘maris fransuz milliy qahramoni Janna D`Ark darajasida ulug‘langan. Ammo bugungi kunda o‘zimiz o‘zimizning o‘zbek ayolini tahqirlab, loyga chaplab, botqoqqa botiryapmiz. Qanday qilib?.. 

Albatta, yangi davr Yevropasi romantizmida ayol obrazi yengil-yelpi ishqiy romanlar mavzusi uchun qurbon qilindi. Biroq aynan XIX-XX asr G‘arb adabiyoti, xususan, rus romanchiligida ayol obrazi mukammal ko‘rinish kasb etdi. Bu davrgacha xalq dostonlariyu, badiiy asarlardagi ayol qahramonlar o‘z davrining yetuk ziyolisi va go‘zal ayoli sifatida tasvirlangan bo‘lsa, Turgenev, Dostoyevskiy, Tolstoy, Chexov kabi yozuvchilarning asarlari orqali ayol ruhiyatining o‘ziga xos psixologik xarakteri yuksak badiiy bo‘yoqlar bilan tasvirlandi. Ayniqsa, Tolstoyning Anna Kareninasi, Kiti Shcherbatskayasi, Turgenevning Marya Nikolayevnasi, Dostoyevskiyning Nastasya Filippovnasi jahon adabiyotida ayol obrazini yangi cho‘qqiga olib chiqdi.

O‘zbek adabiyotida Abdulla Qodiriyning Kumushi o‘zbek romanchiligidagi ilk ayol qahramon sifatida yuzaga keldi. Albatta, Sho‘ro davri adabiyotida ayol obrazi mafkuraviy xususiyat kasb etib, unga o‘ziga xos talablar yuklandi. Bu davr ayollaridan sun'iy ravishda zamon qahramonlari yasalib, taqdim qilindi. Ammo tan olish kerakki, bu davrda o‘zbek adabiyoti va san'atida tasvirlangan ayol obrazlari har qanday majburiyatlar yuklanmasin, u ayollik sha'ni va jozibasini yo‘qotmadi. Ya'ni, kino, teatr va adabiyotda ayol ulug‘lansa ulug‘landiki, lekin, bugungi kundagi o‘zbek kinosidagidek tahqirlanmadi. Hatto Sho‘ro davrida ham o‘zbek ayoli sharmandali tarzda tahqirlanmagan.

«Mening yurtim» telekanalida namoyish etilayotgan «Fitna» serialidagi «fitna»lar haqida gapirmoqchimiz.

Yuqorida biroz mulohaza yuritganimiz boisi shuki, ushbu serial ijodkorlari va «Mening yurtim» telekanali mas'ullariga qisqacha bo‘lsada, dunyo badiiy tafakkurida ayolga bo‘lgan munosabat, xususan, ayol obrazi nechog‘li ulug‘ligining xronoligik evolyutsiyasini bilmasa bildirishni, bilsa eslatishni joiz, deb bildik.

Rejissyor Dilshod Ahmedov tomonidan suratga olingan va bugungi kunda «Mening yurtim» telekanali orqali efirga uzatilayotgan ushbu serial tomoshabinlarga milliy serial tamg‘asi ostida taqdim etilmoqda. Turfa taqdirlar, muhabbat va nafrat, sadoqat, xiyonat, ezgulik, yovuzlik xullas, bu mangu mavzularni rejissyor o‘zbekning maishiy hayoti misolida juda primitiv tarzda tasvirga tushirgan. Dastlab to‘y mojarosi bilan boshlangan serial voqeligining ilk planlaridayoq anglashiladiki, bosh qahramonlardan biri 2 farzandning onasi bo‘lgan o‘qituvchi ayol. Bu ayol erini, qaynota va qaynonasini ko‘rgani ko‘zi yo‘q. Sartarosh er oilasi uchun har narsaga tayyor. Qaynota va qaynona esa oxirgi qiz farzandlarini turmushga bergandan so‘ng haj safari uchun navbatga yozilgan. Xullas, bu oila o‘zgalarga o‘rnak bo‘ladigan oilalardan. Biroq oilaning kelini Nozimaning qalbi negadir nafratga to‘lib-toshgan. Rejissyorning «iste'dodi»ni qarangki, Nozima o‘z eriga xiyonat qilishi uchun hech qanday asos yaratmasdan turib, rejissyor janoblari «o‘z qahramonini xiyonatga boshladi». Albatta, uning nazdida Nozimaning xiyonati serialning «fishkasi» bo‘lib, serial tomoshabinlarini ko‘paytiradi-da. Ustiga-ustak, Nozima maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Ha, xato o‘qimadingiz – o‘qituvchi.

Shu o‘rinda «Fitna» serialidagi o‘qituvchi ayol Nozimaning xiyonatiga asos masalasiga biroz to‘xtalsak. Shu paytgacha adabiyot yoki kinoda ayolning eriga xiyonati haqidagi yuzlab syujyetlarga duch kelganmiz. Biroq har bir ijodkor yaratayotgan asariga umuminsoniy axloqiy me'yorlardan kelib chiqib yondashishga harakat qiladi. Ya'ni, ayol xiyonati masalasida ijod qonuniyatlaridan kelib chiqib, o‘ziga xos manyovrlar ishlatadi. Bu manyovrlar ayolni xiyonatga undaydigan jamiyatdagi fojiaviy holatlar bo‘lishi mumkin. Har qanday holatda ham xiyonat qurboniga aylantirilayotgan ayol uchun ijodkor asoslar yaratadi. Bu asoslar aslo xiyonatni oqlamaydi balki, xiyonatning kelib chiqishiga turtki bo‘lgan omillarni ko‘rsatadi va kerak bo‘lsa qoralaydi, boring ana ogohlikka chaqiradi. 

Bugun kino sanoatida, ayniqsa, teleseriallarda konflikt va intrigani kuchaytirish maqsadida xiyonat, xususan, ayol xiyonati juda ko‘p tasvirlanmoqda. (Bu kabi mavzudan tarmoqlardagi turli roliklar sarlavhasida-yu guruhlarga chaqiriqlarda ham unumli foydalanilmoqda.) «Fitna»dagi Nozimaning xiyonati ham aynan konflikt va intriga uchun qilingan manyovr bo‘lsa-da, aslida manyovr, ya'ni xiyonat uchun yuqorida aytganimizdek aytarli asosning o‘zi yo‘q. Eng yomoni, serialning intrigasini oshirish maqsadida bu manyovr o‘zbek o‘qituvchi ayolining tahqirlanishi asosiga qurilgani kino san'atining hech qanday axloqiy me'yorlariga to‘g‘ri kelmaydi.

Shu yili hokimiyat tomonidan ko‘cha supurishga chiqarilgan o‘qituvchi ayol Diananing fojiasi ko‘pchiligimizni larzaga soldi. Endi ekrandagi o‘zbek o‘qituvchisi Nozimaning xiyonatkor ayol tarzida gavdalantirilishi, ichki olami nafratga to‘la, eriga xiyonatkor, qaynona va qaynotaga hurmatni bilmaydigan, xiyonat va o‘z nafsini har narsadan ustun qo‘yib, yana kamiga xiyonatni to‘g‘ri, deb biladigan axloqsiz ayolni millat ko‘zgusi bo‘lgan o‘qituvchi obrazida ko‘rsatilishi bugungi kunning, bugungi jamiyatning, bugungi ma'naviyatning eng mudhish fojiasi emasmi?

E'tibor bering, Nozima eriga va qaynonasiga bo‘lgan nafrati hamda boylik hirsida xiyonatga qo‘l urdi. Bu xiyonatni dastlab, qaynsinglisi va qaynonasi bilib qoldi. Qaynsingil bildiki, kelinoyisi uning erining o‘rtog‘i Hamdam bilan xiyonat ko‘chasiga kirgan. Shundan so‘ng qaynsingil eriga shikoyat qiladi. Ayanchlisi, uning eri bu voqeadan xabardor va o‘zini loqaydlarcha tutadi. Shu joyiga, to‘g‘risi, tushunmadik. Bu loqaydlik bilan tomoshabin jamiyatni shunday holatlarga loqayd bo‘lishga chaqirilyaptimi yoki targ‘ib qilinyaptimi?

«Fitna» serialidagi qaynona go‘yoki oilasining tinchligi va mavqeini o‘ylab, kelini bilan gaplashib oladi va uning xiyonatini kechirib, Nozimaning xiyonatini o‘g‘lidan sir saqlaydi. Ana senga tomoshayu mana senga tomosha. Dod devorging keladi, to‘g‘risi. Nimalar bo‘lyapti? Nimalar qilyapmiz o‘zi? Nimani targ‘ib qilishyapti bu serial orqali? Kimga nimani o‘rgatyapmiz?

Ammo Nozima xiyonatda davom etadi. Nihoyat, serial kulminatsiyasida Nozimaning eri uni xiyonat ustida tutib olib, taloq qo‘yadi. Mana sizga konflikt, mana sizga intriga! Mohiyatan serial emas, havaskor videomahsulot bo‘lgan bu «san'at asari»dan istaganingizcha hayratlaning. Qahramonlarining «iztirob»i va «azoblari»ga sherik bo‘ling. Go‘yo, Arastu nazarda tutgan katarsis misol.

Yodingizda bo‘lsa, «Zo’r TV» efirga bergan «Kara sevda», ya'ni, «Sevgi iztirobi»ni aynan xiyonat targ‘iboti sifatida efirdan olib tashlash uchun butun jamoatchilik oyoqqa turgandi. «Yoshlar» telekanalida efirga ketgan «Ishani», ya'ni, «Senga oshiqman» teleseriali ham jamoatchilik noroziligi ostida axloqiy jihatdan buzuq bo‘lgan g‘oyalarni targ‘ib qilgani uchun efirdan olindi.

Endi esa milliy serial brendi bilan «milliy xiyonat»ni targ‘ib qiladigan serial bera boshlandi. Hozircha jamoatchilik ovozi eshitilgani yo‘q.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, texnik va badiiy jihatdan kino san'atining talablariga to‘g‘ri kelmaydigan bu «san'at asari» qanday qilib «Mening yurtim» telekanali efirigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi?

«O‘zbekkino» milliy agentligi nega bu serial ekranga chiqishiga ruxsat berdi? Agentlik badiiy kengashi bu «Fitna»ning ssenariysi va suratga olingan epizodlarning umumiy g‘oyaviy maqsadi bilan tanishib chiqqanmi? Agar tanishib chiqqan bo‘lsa, nega buzuqlikni targ‘ib qiluvchi bu mahsulot efirga chiqishiga yo‘l qo‘ydi?

«Mening yurtim» telekanalining badiiy kengashi bormi? Agar bor bo‘lsa, bu kengash qaysi me'yor va talablarga ko‘ra bu «Fitna»ga «sherik» bo‘ldi va uning efirga chiqishiga ijobiy xulosa berdi?

«Fitna»ning efirgacha bo‘lgan shonli yo‘lida ishtirok etgan bu mas'ullar «Bu serialda hayotda uchrab turadigan yovuz illatlar qoralangan, rejissyor bu serial orqali barchamizni ogohlikka chaqirmoqchi», degan iddaoni qilishlari mumkin. Qanday ogohlik haqida gapirish mumkin bu yerda? Nima, o‘zbek ayoli, millat ko‘zgusi bo‘lgan o‘zbek o‘qituvchisini ichki olami nafratga to‘la, eriga xiyonatkor, qaynona va qaynotaga hurmatni bilmaydigan, xiyonat va o‘z nafsini har narsadan ustun qo‘yib, yana kamiga xiyonatni to‘g‘ri, deb biladigan axloqsiz ayol obrazida gavdalantirib, jamiyatning qaysi yomon jihatidan ogohlikka chaqirmoqchi bo‘lishyapti? Aslida, shu serialning o‘zidan ehtiyot bo‘lish kerak bo‘lib turibdi-ku? Ogohlikka chaqirmoqchi bo‘lganlarga so‘zimiz: baraka topgurlar, «Fitna»ni kino san'atining hech qaysi talablariga ko‘ra teleserial deb bo‘lmaydi! Ayniqsa, o‘qituvchini shu qiyofada tasvirlash ortiqcha.

Tabiiyki, ushbu serialni maktab, kollej, litsey o‘quvchilari va talabalar ko‘radi. Endi savol, ularga o‘qituvchini kim qilib ko‘rsatyapmiz? Kattalariku esi bor deylik, salbiy ta'siri kamroq bo‘lar, ammo kichkinalarining ongu shuurida o‘qituvchini qanday obrazda gavdalantiryapmiz?

Endi bu kabi «Fitna»larni qo‘yuvchi telekanallarni monitoring qiluvchi tashkilotlar diqqatiga. Siz faqat qonunchilikka zid keluvchi shafqatsizlik yoki pornografiya chiqib qolganda chora ko‘rasizmi? Nega milliylikka zid keluvchi «Fitna»lar tahlil etilib, unga qarshi choralar ko‘rilmaydi?

Xullas, yana mashhur serialdagi gap yodimizga tushdi «Ot izi it iziga aralashib ketibdi».

Bugun prezident boshchiligida o‘qituvchilarni davr va jamiyatning eng hurmatli insoniga aylantirishga harakat boshlangan. O‘qituvchi zamon qahramoni bo‘lsa qanday yaxshi. Zamon ziyo bilan burkanadi. Har qalay xonanda zamon qahramoni bo‘lganidan ko‘ra, o‘qituvchi zamon qahramoni bo‘lgani ming emas, million marta yaxshida. 

Aytgancha, oxirgi paytlarda tungi klublar ma'naviyatimizga bolta uryapti, degan gapni ko‘p eshityapmiz. Avvalo, ma'naviyatli odam tungi klub ta'sirida buzilib qolmaydi. Ha, buzilmaydi, chindan ham uning ma'naviyati bor bo‘lsa. Mustahkammi, mustahkammasmi, bu ikkinchi masala. Axir tungi klublarga asosan kimlar boradi? O‘qituvchisidan yaxshi ta'lim olmagan, o‘qituvchisini o‘z qahramoni deb bilmagan yoshlar. Endi yana savol, o‘zimiz o‘qituvchini axloqi buzuq qilib televizorda ko‘rsatib o‘tirsak, yoshlardan nimani kutish kerak?

Xurshid Daliyev

Mavzuga oid