O‘zbekiston | 10:58 / 31.08.2018
12887
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya prezidenti O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda

Foto: Prezident matbuot xizmati

Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tabrik yo‘lladi, deb xabar qilmoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

“Sizni va butun O‘zbekiston xalqini O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 27 yilligi bilan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillik yillarida siyosat, iqtisodiyot va ijtimoiy taraqqiyot sohalarida yuksak e'tirofga sazovor ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi.

Siz, Janobi Oliylari rahbarligida amalga oshirilayotgan va salmoqli natijalar berayotgan islohotlar siyosati alohida tahsinga munosib.

Sizning rahbarligingizda O‘zbekiston Respublikasi o‘z taraqqiyotida yangi va yanada yuksak marralarga erishishiga ishonchim komil.

Mamlakatlarimiz 1992 yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatganidan buyon ishonch va do‘stlik tamoyillari asosida o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirayotganidan xursandman. Siz, Prezident janoblari bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish masalalarini muhokama qilish uchun o‘zaro maqbul muddatlarda O‘zbekiston Respublikasida tashrif bilan bo‘lishga umid qilaman.

Prezident janoblari, Sizga mustahkam sog‘lik va ulkan muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston Respublikasiga yanada ravnaq tilayman”, - deyiladi tabrikda.

Mavzuga oid