Sport | 12:40 / 05.09.2018
9966
3 daqiqa o‘qiladi

Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarining ikkinchi kunida 8ta medal qo‘lga kiritildi

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

4 sentabr kuni Qirg‘iziston Respublikasining Cho‘lpon-Ata shahrida bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarining ikkinchi kunida o‘zbekistonlik sportchilar qozoq kurashi, pahlavani (Eron kurashi), goresh (Turkmaniston kurashi) va lochin ovi va tayganlar yugurishi, mas-restling bo‘yicha bahslarga kirishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy Tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘yinlarning ikkinchi kunida qozoq kurashi bo‘yicha 20ta davlatdan 56 nafar sportchi ishtirok etib, O‘zbekiston jamoasi vakili Sarvar Ikromov (-90 kg) kumush medalni qo‘lga kiritdi. Goresh (Turkmaniston kurashi) bo‘yicha bo‘lgan bahslarda esa Sherzod Rahimov mutlaq vazn toifasida bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Lochin ovi va tayganlar yugurishi bo‘yicha bahslarda dunyoning 10 davlatidan 25 nafar sportchi ishtirok etib, lochinda ov yo‘nalishida o‘zbekistonlik Denis Tsoy bronza medalini qo‘lga kiritdi.

27ta davlatdan 127 nafar nafar sportchi ishtirok etgan mas-restling bo‘yicha bahslarda ham O‘zbekiston vakillari salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritishdi. Ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda Regina Mulyasheva (-55 kg) kumush, Madina Eliyeva (-125 kg) bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, erkaklar o‘rtasidagi bahslarda Islom Abdumalikov (-60 kg), Ilyos Kadirov (-90 kg) va Nasim Rajabov (-125 kg) bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.

Shu tariqa, 4 sentabr kuni o‘tkazilgan bahslarda o‘zbekistonlik 20 nafar sportchi ishtirok etdi va jami 8ta medal (2ta kumush, 6ta bronza) qo‘lga kiritildi.

Bugun, 5 sentabr sanasida O‘zbekiston vakillari mangol box (Mo‘g‘uliston kurashi) va qirg‘iz kurashi turlari bo‘yicha bahslarga kirishadi.

Eslatib o‘tamiz, Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarining birinchi kunida 11ta medal qo‘lga kiritilgandi.

2 sentabrdan 8 sentabrga qadar davom etadigan mazkur musobaqada dunyoning 66 davlatidan tashrif buyurgan 1556 nafar sportchi medallar uchun bahs olib bormoqda. O‘zbekiston delegatsiyasi 13ta sport turi bo‘yicha 58 nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda.

Mavzuga oid