Jamiyat | 20:20 / 26.09.2018
21067
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda bir tonnalik palov tayyorlanadi

Butunjahon turizm kuni munosabati bilan 27-29 sentabr kunlari Samarqand shahrida bir qator madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkaziladi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida belgilanishicha, 27 sentabr kuni Samarqand shahridagi barcha madaniy meros obektlariga kirish bepul bo‘ladi. Ruhobod majmuasidagi Hunarmandlar markazida konsert dasturi namoyish etiladi. Shuningdek, shahardagi Islom Karimov ko‘chasi, Registon maydoni atrofida va boshqa turistik maskanlarda Samarqand sayyohlik salohiyati bo‘yicha taqdimotlar, milliy hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazma-savdolari tashkil etiladi.

Shu kuni oqshom Registon maydonida mahalliy aholi va sayyohlar uchun 3D mepping shousi namoyish etiladi.

«Kun.uz» muxbiri xabar berishicha, 28 sentabr kuni Islom Karimov ko‘chasida tadbirlar davom etadi va kechga yaqin «Bibixonim» choyxonasida «Mega palov» tadbiriga hozirlik boshlanadi. «Mo‘'tabar zardo‘z» xususiy korxonasi tashabbusi bilan bu yerda 1 tonnalik palov tayyorlash rejalashtirilgan. Buning uchun Farg‘onadan 2 tonnalik ulkan qozon Samarqandga keltirilgan.

29 sentabr kuni bir tonnalik osh tayyorlash jarayonini xorijlik sayyohlar bevosita kuzatib borishadi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning 8 sentabrida Toshkentda 7,3 tonna hajmda palov tayyorlangan va bu mega-palov Ginnessning rekordlar kitobiga kirgandi.

O‘tgan yilning sentabrida Marg‘ilonda ham 2 tonnalik palov tayyorlangan.

Shuningdek, joriy yilning 14 yanvarida Surxondaryo viloyatining Denov shahrida Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan katta qozonda 9 tonnalik osh tayyorlangandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid