Jahon | 18:40 / 27.09.2018
14248
3 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya va Niderlandiya MN17 halokati bo‘yicha tekshiruv natijalarini tan oldi

Foto: TASS/AP

Avstraliya Tashqi ishlar vaziri Maris Peyn Rossiyani Malayziyaning «Boing» samolyoti 2014 yil iyulida Ukraina sharqida halokatga uchrashi bo‘yicha Qo‘shma tergov guruhi natijalarini tan olmaslikda aybladi.

«Biz Qo‘shma tergov guruhi tomonidan o‘tkazilgan mustaqil tadqiqotlar natijalarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Afsuski, Rossiya guruh ma'lumotlarini tan olmayapti. Avstraliya esa Qo‘shma tergov guruhining professionalligiga, mustaqilligiga va xolisligiga to‘liq ishonadi», degan u Niderlandiya, Ukraina, Malayziya va Belgiya Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari bilan uchrashuvda. Bu mamlakatlar Qo‘shma tergov guruhini tashkil etishgan.

Peynning qayd etishicha, «Qo‘shma tergov guruhi bo‘yicha hamkasblar... MN17 reysi urib tushirilishi ortida kim turgani va aybdorni javobgarlikka tortish bo‘yicha mas'uliyatlarini tasdiqlashdi».

Shunday bayonot Niderlandiya bosh vazir Mark Ryutte tomonidan ham bildirilgan.

U BMT Bosh assambleyasi sessiyasi doirasida Qo‘shma tergov guruhi «avialaynerga yo‘llangan raketa kimga tegishli bo‘lgani bo‘yicha ishonchli ma'lumotlar keltirgani» haqida aytgan. U barcha tomonlarni bu fojia aybdorlari javobgarlikka tortilishi uchun qat'iyat ko‘rsatishga chaqirgan.

2014 yilning 17 iyulida Malaysia Airlines aviakompaniyasining Boeing 777 yo‘lovchi samolyoti Amsterdamdan Kuala-Lumpurga uchayotgan paytda Donetsk viloyati osmonida urib tushirilgan edi. Buning oqibatida 283 yo‘lovchi va ekipajning 15 nafar a'zosi, jami o‘n mamlakat fuqarolari halok bo‘lgandi.

Shu yilning may oyida Qo‘shma tergov guruhi samolyotga qarata uchirilgan raketa Rossiya harbiy qismidan yetkazib berilgani to‘g‘risida hisobotini tarqatgandi.

Qo‘shma xalqaro jamoa xulosalaridan kelib chiqib, Niderlandiya va Avstraliya endi shunga aniq ishonch hosil qildiki, Rossiya MH17’ni urib tushirishda qo‘llanilgan «Buk» zenit-raketa majmuasini joylashtirganlik uchun javobgar», - deyiladi bayonotda.

Rossiya esa ayblovlarni tan olmagan.

«O‘sha paytda Ukraina hududida jangovar harakatlar ro‘y bergandi. Aynan ushbu davlat o‘z havo hududini yopish bo‘yicha kerakli choralarni ko‘rmagan», - deyilgandi Kreml bayonotida.

Mavzuga oid