Jahon | 09:16 / 28.09.2018
8972
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada Rossiya vakolatxonasi va diplomatlar mashinalariga tajovuz qilindi  

Rossiyaning Kiyevdagi savdo vakolatxonasi hududi va rossiyalik diplomatlar mashinalari noma'lum shaxslar tomonidan hujumga uchradi. 

Rossiya elchixonasi saytida ma'lum qilinishicha, bezorilar vakolatxona hududiga tutun shashkalari uloqtirishgan va panjaralarda haqoratomuz yozuvlar qoldirishgan. So‘ngra diplomatlarning avtomobillari ustiga bo‘yoq va chiqindilar to‘kib, shinalarini teshishgan va raqamlarini yulib olishgan.

Foto: Facebook/Rodion Shovkoshytnyi
Foto: Facebook/Rodion Shovkoshytnyi

Voqea “Rossotrudnichestvo” rahbari Konstantin Vorobevning iste'foga chiqishi munosabati bilan tadbir o‘tayotgan uy hovlisida sodir bo‘lgan. Shu sababli bezorilar asfaltda bo‘yoq bilan “Alvido, Vorobev” degan yozuv qoldirishgan. 

Foto: Facebook/Rodion Shovkoshytnyi

Ta'kidlanishicha, voqea joyiga kelgan politsiya hech qanday chora ko‘rmay, bo‘layotganlarni jimgina kuzatib turgan.

Rossiya elchixonasi bo‘lib o‘tgan voqeani “bezorilik aksiyasi” va diplomatik munosabatlar haqidagi Vena konvensiyasi bandlarining qo‘pol buzilishi deb atagan. Shu sababli elchixona Ukraina tashqi ishlar vazirligiga norozilik notasi jo‘natgan va Kiyevdan tergov o‘tkazish hamda zararni qoplashni talab qilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid