O‘zbekiston | 10:48 / 29.09.2018
33497
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev MDH davlatlariga chaqiriq bilan chiqdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

MDH davlatlari barcha bojxona va savdo to‘siqlarini bartaraf etishlari kerak, dedi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbe shahrida MDH davlat rahbarlari kengashi majlisida so‘zlagan nutqida.

«O‘zaro tovar ayirboshlash hajmining yuqori darajadagi o‘sish sur'atlarini ta'minlash maqsadida bojxona tartib-taomillarini imkon qadar soddalashtirish, savdo sohasidagi mavjud barcha to‘siq va cheklovlar, jumladan, texnik g‘ovlarga barham berish lozim, deb hisoblaymiz», – dedi O‘zbekiston prezidenti.

Jahon iqtisodiyotidagi murakkab jarayonlar, "savdo urushlari" keskinlashib, proteksionizm kuchayib borayotgan bugungi sharoitda MDH erkin savdo zonasining to‘laqonli faoliyat yuritishi va o‘zaro bozorlarni shakllantirish hal qiluvchi masalalarga aylanishi lozim, dedi u.

Qayd etilishicha, tariflar bo‘yicha o‘zaro imtiyozlar berishga doir yagona mexanizmni joriy etgan holda, xalqaro va mintaqaviy transport yo‘laklaridan samarali foydalanish, barcha turdagi transportlar bilan yuk tashishga oid talablarni birxillashtirish va turli to‘siqlarni bartaraf etish, logistika markazlarini rivojlantirishga qaratilgan ishlarni davom ettirish muhimdir.

«O‘zaro mahsulot yetkazib berishda "yashil yo‘laklar"ni keng joriy etish qishloq xo‘jaligi sohasidagi samarali hamkorlikka xizmat qiladi. MDHning Agrosanoat kompleksi masalalari bo‘yicha kengashi va qishloq xo‘jaligi sohasidagi boshqa tuzilmalari faoliyatini faollashtirish zarur, deb hisoblaymiz», – dedi Mirziyoyev.

Mavzuga oid