Sport | 17:07 / 03.10.2018
12690
12 daqiqa o‘qiladi

Keyn Messiga qarshi. YeChLda ikkinchi kun intrigalari

Bugun, 3 oktabr kuni Yevropa Chempionlar Ligasining yana 4 guruhida 2-tur o‘yinlari davom ettiriladi. «Tribuna» bu uchrashuvlar anonsini taqdim etadi.

A GURUHI

«ATLeTIKO» – «BRYuGGe»
Madrid. «Vanda Metropolitano» stadioni. 23:55.
Hakam: Ivan Krujlyak (Slovakiya)

«BORUSSIYa» DORTMUND – «MONAKO»
Dortmund. «Signal Iduna Park». 23:55.
Hakam: Aleksey Kulbakov (Belarus)

O‘tgan turda «Bryugge» o‘z maydonida «Borussiya»ga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, agar o‘yinni tomosha qilgan bo‘lsangiz, siz ham bilasiz – belgiyaliklar juda kuchli o‘yin namoyish etishdi va bir necha o‘yinga yetadigan xavfli vaziyatlarni yarata olishdi. Ya'ni, bugungi o‘yinda «Atletiko» yaqqol favorit bo‘lsa-da, g‘alaba u qadar osonlik bilan kelishini bashorat qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Umuman, «Bryugge» kabi o‘yin uslubiga ega maktab vakillariga qarshi Simeone muammolarga duch kelishini avvaldan bilamiz. Esingizda bo‘lsa, uch yil oldin «Atletiko» PSV bilan juda qiyin pley-off o‘yinlarini o‘tkazgandi.

Shuningdek, madridliklarning shanba kuni «Real»ga qarshi og‘ir derbi o‘yinida maydonga tushganini ham unutmaylik. «Bryugge» esa Belgiya kubogida ikkinchi tarkib bilan maydonga tushib yutqazdi. Ya'ni, endi jamoa bor e'tiborini milliy chempionat va YeChLga qaratish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Keyingi juftlik - «Borussiya» va «Monako» guruhdagi ikkinchi yo‘llanma uchun asosiy raqobatchi sifatida tilga olinadi. 2017 yilning aprelida bu jamoalar YeChL chorak finalida to‘qnash kelgandi. O‘shanda «Monako» ikki o‘yin natijasiga ko‘ra g‘olib chiqqan va yarim finalga yo‘l olgandi. Shundan buyon Monakoni Lemar, Bernardu Silva, Fabino, Mbappe, Bakoyoka kabi asosiy futbolchilar tark etishdi, ya'ni jamoa deyarli butunlay o‘zgardi. «Borussiya» ham endi yangi murabbiy qo‘l ostida to‘p surmoqda.

Bu o‘yinga jamoalar turli holat va kayfiyatda kirib kelishmoqda. «Borussiya» Bundesligada mag‘lubiyatsiz bormoqda va «Bavariya»ning so‘nggi turlardagi qoqilishlari evaziga birinchi o‘ringa chiqib oldi. «Monako» esa, aksincha, 11 avgust kuni «Nant» ustidan safarda erishilgan g‘alabadan buyog‘iga birorta o‘yinda g‘alaba qozona olmayapti. Qatorasiga sakkiz o‘yin g‘alabasiz seriya «Monako»ning jiddiy inqirozda ekanini anglatadi.

Lekin ba'zida YeChLning boshqa musobaqalarga paradoksal tarzda, butunlay boshqa natijalar taqdim etishiga ham o‘rganib qolganmiz. Hujumkor va muxlislar uchun yoqadigan futbol namoyish etadigan bu ikki jamoa yana bir keskin uchrashuv taqdim qilishlari shubhasiz.

V GURUHI

«TOTTeNHEM» – «BARSeLONA»
London. «Uembli». 23:55.
Hakam: Feliks Tsvayyer (Germaniya)

PSV – «INTeR»
Eydxoven. «Filips Stadium». 23:55.
Hakam: Milorad Majich (Serbiya)

Dastlabki turda Milandagi uchrashuvning 85-daqiqalarida bu guruh favoritlari aniq bo‘lib ulgurgan, hammasi hal bo‘lgandek edi go‘yo. Ammo «Inter»ning so‘nggi daqiqalardagi ikki goli barchasini murakkablashtirib yubordi va endi «Tottenhem» bugun g‘alaba uchun maydonga tushishga majbur. Kuzning eng muhim o‘yini oldidan Pochettinoda yetarlicha muammolar paydo bo‘lgani vazifani yanada qiyinlashtirib yuboradi. Dele Alli, Kristian Eriksen, Yan Vertongen, Musa Dembele – bu nomlarsiz bugungi «Tottenhem»ni tasavvur qilish ham qiyin, lekin bugun aynan shunday «Tottenhem»ni «Barselona»ga qarshi ko‘ramiz.

«Uembli» – «Barselona» uchun omadli stadion. 2011 yilda aynan shu o‘yingohda kataloniyaliklar Yevropa Chempionlar Ligasini yutib olishgandi. La Ligada oxirgi uch turda Valverde shogirdlari muammolarga duch kelayotgan bo‘lishsa-da, odatda ingliz jamoalariga qarshi «Barselona» juda muvaffaqiyatli harakat qiladi. Oktyabr – noyabr oylari «Barselona» uchun haqiqiy imtihonga aylanadi – shu davrda Ispaniya chempionatida ham og‘ir o‘yinlar kutib turibdi. Bunday holatda YeChLdagi vazifani imkon qadar ertaroq hal qilish va ortiqcha qiyinchiliklardan qochish uchun kataloniyaliklar bugun uch ochkodan umid qilishadi.

Bu jamoalar shu yilning iyulida mavsumoldi nazorat o‘yinida maydonga tushishgandi. Ispanlar 2:0 hisobida oldinga chiqib olishgach, ikkinchi bo‘limda «Tottenhem» ikki gol urib, hisobni tenglashtirgandi.

Ikkinchi juftlikda «Inter» Niderlandiya chempioni mehmoni bo‘ladi. PSV bu guruhda ochko ulashuvchi maqomiga loyiq ko‘rilgan va dastlabki turda «Kamp Nou»dagi yirik mag‘lubiyat buni isbotlayotgandek. Lekin «Ayaks»ning kechagi natijasi, ya'ni «Bavariya» maydonida ustunlik bilan to‘p surib durangga erishgani PSVga ham qanot bag‘ishlasa kerak. Yaqindagina PSV «Ayaks» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozongandi. Umuman, Erdiviziyada Van Bommel shogirdlari juda kuchli o‘yin namoyish etishmoqda – 7 o‘yin, 7 g‘alaba, to‘plar nisbati 26-3. Barselonadagi mag‘lubiyatdan keyin ham eydxovenliklar jamoasi uch g‘alabaga erishdi va o‘z darvozalaridan birorta ham to‘p olib chiqishmadi. Bugungi o‘yin PSV uchun keyinchalik pley-off yoki Yevropa Ligasi uchun kurashda juda muhim ahamiyat kasb etadi.

S GURUHI

«NAPOLI» – «LIVeRPUL»
Neapol. «Stadio San Paolo». 23:55.
Hakam: Viktor Kashshai (Vengriya)

«PSJ» – «TsRVeNA ZVeZDA»
Parij. «Park De Prens». 21:55.
Hakam: Artur Dias (Portugaliya)

Bu guruhda uch jamoaning imkoniyatlari bir-biriga teng baholangan va «Tsrvena Zvezda» ularga o‘lja vazifasini o‘tab berishi taxmin qilingandi. Ammo serblarning «Napoli»dan ochko olishlari vaziyatni biroz o‘zgartirdi. «Tsrvena Zvezda» boshqalardan ham ochko olishi mumkin darajada kuchlimi, yo‘qmi, bu aniqlashguncha, o‘sha natija «Napoli»ning muvaffaqiyatsizligi sifatida baholanadi. Shuning uchun «Liverpul»ga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonish shart.

Har ikki jamoa ichki chempionatdagi so‘nggi turda qiyin o‘yin o‘tkazishdi. «Napoli» Turinga safar qilgan bo‘lsa, «Liverpul» «Chelsi»ga qarshi o‘ynadi. «Napoli» «Yuventus»ga u darajada qarshilik qila olmagani, Angliyadagi o‘yinda esa, «Liverpul» so‘nggi daqiqalargacha hisobda ortda borib, tenglashtirish uchun uringanini e'tiborga olsak, inglizlarning biroz ko‘proq charchagan bo‘lishlarini ayta olamiz. Shuningdek, Klopp jamoasini dam olish kunlari yana bir muhim o‘yin kutib turibdi – «Manchester Siti» bilan.

Shu nuqtai nazardan, «Liverpul» durangga qarshi bo‘lmagan holda o‘yinga biroz pragmatik yondashishini, «Napoli» esa g‘alaba uchun bor imkoniyatini ishga solishini taxmin qilish mumkin. Jamoalar yevrokuboklarda so‘nggi marta 2010 yilda, Yevropa Ligasi guruh bosqichida duch kelishgandi. Italiyadagi o‘yinda hisob ochilmagan bo‘lsa, «Liverpul» o‘z maydonida 3:1 hisobida ustun kelgandi. Shu yilning 4 avgustida esa, mavsum oldi o‘rtoqlik o‘yinida bu ikki jamoa kuch sinashdi. Avgustga juda yaxshi sport formasida kirib kelgan «Liverpul» bu o‘yinda 5:0 hisobida ustun keldi.

Guruhdagi boshqa o‘yin ikki soat avval boshlanadi. Parijliklar o‘z maydonlarida «Tsrvena Zvezda»ni qabul qiladi. O‘tgan turda mag‘lubiyat alamini totgan Tuxel jamoasi bu o‘yinda g‘alaba qozonishi shart. Dani Alvesh, Kurzava, Draksler kabi futbolchilar jarohat tufayli jamoaga yordam bera olishmasa-da, serblar ustidan g‘alaba qozonish qolgan futbolchilar uchun ham u qadar qiyin vazifa bo‘lmasligi kerak. Keyingi turlar – «PSJ» va «Napoli»ning o‘ziga xos dueli ushbu guruh masalasini hal qilsa kerak.

GURUHI

«PORTU» – «GALATASAROY»
Portu. «Dragau». 23:55.
Hakam: Maykl Oliver (Angliya)

«LOKOMOTIV» – «ShALKe»
Moskva. «RJD Arena». 21:55.
Hakam: Entoni Teylor (Angliya)

Keyingi bosqichga chiqish uchun deyarli teng imkoniyatga ega bo‘lgan jamoalardan tuzilgan guruh. Birinchi turdagi natijalar ham muvozanatni o‘zgartirmadi. «Lokomotiv» Turkiyada yirik hisobda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, o‘yin sifati bo‘yicha raqibidan qolishmadi va ruslar bir muvaffaqiyatli o‘yin bilan barchasini o‘z joyiga tushirishlari mumkin.

Buning uchun dastlabki imkoniyat bugun, Moskvada «Shalke» bilan o‘yinda mavjud. Nemislar «Portu» bilan o‘yinda g‘alabani qo‘ldan chiqarishdi, Bundesligada esa ishlar juda yomon ketyapti. «Shalke» faqat o‘tgan haftadagina mavsumdagi ilk g‘alabasiga erishdi. Undan oldin qatorasiga besh o‘yinda mag‘lubiyat alami totilgandi.

Tarkiblar borasida har ikki jamoada ham muammolar yetarli. Yuriy Syomin Kolomeytsev, Smolov, Ribus kabi shogirdlaridan foydalana olmaydi. Nemislar tarkibida esa, Stambuli, Ochipka, Geys, Reytser kabi futbolchilarning maydonga tushishi so‘roq ostida.

«Dragau»da birinchi turning omadli jamoalari orani ochiq qiladi va ushbu o‘yin g‘olibi guruhda peshqadamlikni o‘z qo‘liga oladi. «Galatasaroy» turnirda yirik hisobdagi g‘alaba bilan boshlagan bo‘lsa-da, safar o‘yinlarida jamoani ishonchsizlik chulg‘ab olgani bor gap. Fotih Terim jamoasi o‘z maydonidagi o‘yinlarda Turkiya Superligasida ham ishonchli o‘yin ko‘rsatmoqda, ammo safarda unday emas. Jamoa raqib maydonida o‘tkazgan so‘nggi ikki o‘yinni boy berdi. Buning ustiga har ikki o‘yinda ham «Galatasaray» yirik hisobda boy bergan. Bugungi raqib «Portu» – «Trabzonspor» yoki «Oqhisor»dan ancha kuchli va tajribali ekanini e'tiborga olsak, mehmonlar uchun biroz hadiksirash mumkin.

Mavzuga oid