O‘zbekiston | 00:00 / 04.10.2018
36697
3 daqiqa o‘qiladi

Chilonzor tumani hokimi Toshkent shahri hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi

Davron Hidoyatov

Toshkent shahar hokimligida bir qator yangi tayinlovlar amalga oshirildi.

Chilonzor tumani hokimi Davron Hidoyatov Toshkent shahri hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi. 

Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati «Kun.uz»ga xabar qilishicha, Davron Abdulpattaxovich Hidoyatov Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

U bu lavozimda Nodirjon Ergashevich Maksumovning o‘rnida ish boshlaydi.

Davron Hidoyatov 1976 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1998 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2001 yilda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

Ko‘p yillar Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi sifatida ishlagan Hidoyatov 2017 yilning aprelida lavozimdan olinib, Chilonzor tumani hokimligiga tushirilgandi.

Shu yilning iyunida u Toshkent shahridagi barcha tumanlar hokimlari bilan bir kunda ishdan olinib, hokim vazifasini bajaruvchi sifatida lavozimga qayta tayinlangandi.

Ayni vaqtda Chilonzor tumaniga kim yangi hokim bo‘lgani to‘g‘risida ma'lumot yo‘q.

Toshkent shahri hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda yana bir tayinlov amalga oshirilgan.

Hayot Ilyasovich Inog‘amov Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari – Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.

Bunga qadar Hayot Inog‘amov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Tashkent City» xalqaro ishbilarmonlik markazi Direksiyasi davlat unitar korxonasi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

U 1986 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2008 yilda Toshkent avtomobil va yo‘llar institutini tamomlagan.

Bundan avvalroq Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sherzod Rafatovich Xadjizadayev Qahramon Aripov o‘rniga Toshkent shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid