O‘zbekiston | 21:33 / 10.10.2018
9186
3 daqiqa o‘qiladi

TİKA'ning O‘zbekistonga ko‘rsatadigan yordami 2-3 baravarga oshadi

Foto: KUN.UZ

Turkiyaning TİKA agentligi bugunga qadar O‘zbekistonda yiliga 30-40 loyihani amalga oshirgan bo‘lsa, endilikda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning yangi sifat bosqichiga ko‘tarilgani bois bu ko‘rsatkich ikki-uch baravarga oshiriladi. Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Bashar Shen KUN.UZ muxbiriga haqida xabar berdi.

"O‘zbekistondagi maktabgacha ta'lim muassasalari renovatsiyasi bilan bog‘liq loyihalarimiz bor. Shuningdek, tibbiyot va xavfsizlik sohasida qator loyihalarni amalga oshirib kelyapmiz. Bu yerda yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun kuvezlar (Muddatidan ilgari tug‘ilgan chaqaloqlar joylashtiriluvchi avtomatik ravishda kislorod yetkaziluvchi va optimal harorat saqlanib turuvchi shisha moslama)ga ehtiyoj bor edi, Turkiyadan O‘zbekistonga 100 ga yaqin kuvezlar keltirildi. Bundan tashqari, ba'zi klinikalarda jarrohlik operatsiyalari xonalarini jihozlash bilan bog‘liq muammolar mavjud. Masalan, Termiz shahridagi shifoxonada shunday vaziyat aniqlangach, u yerga MRT, skaner kabi tibbiy uskunalar yetkazib berildi", - deydi elchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Termizda o‘tgan Turkiya sog‘liqni saqlash haftaligida 150 nafar bemor operatsiya qilingan, 700 nafariga esa tashxis qo‘yilgan.

"Yana bir loyihamizga ko‘ra, O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish xodimlari terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Turkiyaga yo‘llanmoqda", - deydi u.

Bashar Shenning ta'kidlashicha, turkiy xalqlar mustaqillikka erishganidan keyin Turkiya hamkorlik va taraqqiyot agentligi (THTA) kerakli yo‘nalishlar bo‘yicha ularga ko‘mak bera boshlagan.

"Agentlik tashkil qilingan vaqtdan boshlab to 2017 yilga qadar TİKA'ning O‘zbekistonga ko‘rsatgan yordami 26 million dollarni tashkil qiladi. So‘nggi vaqtlarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar jonlanganidan keyin bu raqamlar ikki-uch baravarga oshadi", - deya ma'lum qiladi elchi.

Ma'lumot uchun: Turkiya hamkorlik va taraqqiyot agentligi (Turkish Cooperation and Coordination Agency - TİKA) - Turkiyaning rivojlanayotgan mamlakatlarning taraqqiyot sohasidagi rasmiy yordamining asosiy qismini tashkillashtirish uchun javob beradi, bunda ayniqsa turkiy mamlakatlar va jamiyatlarga alohida e'tibor qaratiladi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid