Jahon | 23:30 / 10.10.2018
16929
3 daqiqa o‘qiladi

Uchinchi rus. Petrov va Boshirovning sherigi ismi aytildi

Foto: Fontanka

«Skripallar ishi»da yangi tafsilotlar paydo bo‘lishi davom etmoqda. «Fontanka» nashri Sergey Skripal va uning qizi Yuliya Skripalni zaharlashda gumon qilinayotgan Aleksandr Petrov hamda Ruslan Boshirovning xabarchisi bo‘lgan uchinchi shaxs haqida ma'lumot berdi.

Nashr ma'lumotiga ko‘ra, Londondagilar ushbu ishdagi uchinchi gumonlanuvchi sifatida Sergey Fedotovni tilga olmoqda.

«Ko‘rinishidan, Skripalga suiqasd tayyorlash uchun rossiyaliklarda butun otryad bo‘lgan», degan manba.

Bundan avvalroq Czech Radio razvedkadagi manbasiga asoslangan holda Rossiya maxsus xizmatlari Sergey Skripalni o‘ldirish maqsadida ko‘p vaqtdan buyon kuzatib kelgani haqida xabar tarqatgandi. 

Radiostansiya ma'lumotlariga ko‘ra, rossiyalik josuslar 2014 yilning oktabrida Chexiya Respublikasiga borishgan. Xususan, aslida Aleksandr Mishkin ekani aytilgan Aleksandr Petrov 2014 yil 13-16 oktabr kunlari Ostrava shahridagi mehmonxonada bo‘lgan, so‘ng Pragaga jo‘nab ketgan. Manba ma'lumotlariga ko‘ra, aslida Anatoliy Chepiga ekani aytilayotgan Ruslan Boshirov 11 oktabr kuni Chexiya poytaxtiga yetib borgan.

Skripal esa o‘sha yilning oktabr oyi ikkinchi yarmida Chexiyaga borib, ushbu davlat razvedkasi bilan uchrashmoqchi bo‘lgan, deb xabar qiladi radiostansiya. Iddao etilishicha, aynan Chexiya razvedkasi zobitlari GRU sobiq polkovnigiga kuzatuv olib borilayotganini aniqlashga yordam berishgan.

Sentyabr oyi oxirida Britaniya maxsus xizmatlari Skripalga suiqasdda uchinchi ishtirokchi ham borligini ma'lum qilishgandi. Bu shaxs «Novichok» moddasi mamlakat hududiga olib kirilishini tashkillashtirgan, Petrov va Boshirovning kelishiga tayyorgarlik ishlarini bajargan.

Manbaning yozishicha, Fedotov 2014 yilda ham Petrov va Boshirov bilan birga Chexiyada bo‘lgan. U Londonda alohida harakatlangan va kuzatuv kameralariga muhrlanmagan.

Bundan tashqari, Fedotov martdan oldinroq ham bir necha marta Londonda bo‘lgan, uning shaharga oxirgi tashrifi 2 martda qayd etilgan, u Petrov va Boshirov bilan emas, boshqa reysda kelgan, ammo 4 mart kuni bu uchlik birgalikda Rossiyaga qaytib uchib ketgan. 

Buyuk Britaniya hukumati sentabr oyida Boshirov va Petrovni mart oyi boshida Birlashgan qirollik hududida Skripallarga asabni falajlovchi qurol bilan hujum uyushtirganlikda rasman aybladi. Keyinchalik The Insider internet-nashri va Bellingcat tadqiqot guruhining qo‘shma tekshiruvida bu shaxslar aslida GRU zobitlari ekani ma'lum qilindi.

Mavzuga oid