O‘zbekiston | 18:10 / 11.10.2018
32538
2 daqiqa o‘qiladi

Putin: O‘zbekistonga tashrif davomida salmoqli hujjatlar to‘plami imzolanadi

Foto: RF prezidenti sayti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin kelgusi haftada O‘zbekistonga davlat tashrifini amalga oshirishi, tashrif yakunlariga ko‘ra qator hujjatlar to‘plami imzolanishi hamda AES qurilishiga start berilishini ma'lum qildi.

«Keyingi haftada O‘zbekistonga amalga oshiriladigan tashrif davomida Toshkentda prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazamiz. Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, hukumatlararo va tijoriy hujjatlar paketi imzolanadi», degan Putin elchilardan ishonch yorliqlari qabul qilib olish marosimi chog‘ida.

Rossiya prezidenti O‘zbekiston – Rossiyaning strategik hamkori va ittifoqchisi ekanini qayd etgan. Uning e'tirof etishicha, ikki tomonlama aloqalar barcha sohalarda mustahkamlanmoqda: siyosiy, savdo-iqtisodiy, harbiy-texnik, madaniy-gumanitar sohalar shular jumlasidan.

Putin Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda O‘zbekistondagi ilk atom elektrostansiyasi qurilishiga start berishini qo‘shimcha qilgan.

RF prezidentining O‘zbekistonga tashrifi 18-19 oktabr kunlari amalga oshiriladi.

Bundan avvalroq O‘zbekiston va Rossiya hamkorligidagi atom elektr stansiyasi (AES) Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasida joylashgan To‘dako‘l suv ombori yaqinida qurilishi ma'lum qilingandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid