O‘zbekiston | 11:00 / 27.09.2018
104017
2 daqiqa o‘qiladi

Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi sanasi ma'lum bo‘ldi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin oktabr oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifini amalga oshiradi.

«Joriy yilning 18-19 oktabr kunlari Toshkentda O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari Shavkat Mirziyoyev hamda Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tadi», - deya O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi xabarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirlikning xabar berishicha, Rossiya prezidentining rasmiy tashrifi doirasida Rossiya-O‘zbekiston birinchi hududlararo hamkorlik forumi o‘tkaziladi.

Mirziyoyev va Putinning oxirgi uchrashuvi joriy yilning iyun oyida Xitoyning Tsindao shahrida tashkil etilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlari yetakchilari sammitida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 7 sentabr kuni Rossiyaga tashrifi davomida Moskvada RF bosh vaziri Dmitriy Medvedev bilan uchrashib, Putinning O‘zbekistonga tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarni muhokama qilgandi.

Dmitriy Medvedev 2017 yilda ikki tomonlama savdo hajmi uchdan bir qismga ortganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tendensiya joriy yilning birinchi yarmida ham saqlanib qoldi.

«O‘zaro savdoning o‘sishi deyarli uchdan bir qismni tashkil etdi - 32%. Rossiya yana O‘zbekistonning savdo sheriklari orasida eng yuqori pog‘onaga chiqib oldi, bu, albatta, bizni quvontiradi», - deya ta'kidlab o‘tdi bosh vazir. 2017 yilda Rossiyaning O‘zbekiston bilan tovar aylanmasi 3,651 milliard dollarga teng bo‘lib, 2016 yilga nisbatan 33,96 foizga oshdi. 

Mavzuga oid