Kun.uz’da e'lon qilingan salkam yigirma yillik muammo ijobiy hal bo‘ldi
Kun.uz saytida e'lon qilinib, keng jamoatchilik e'tiboriga havola qilingan yana bir muammo ijobiy hal etildi. Joriy yil 20 may kuni “Vazirlik rozi. Hokimlik rozi. Ammo...19 yildan buyon hal bo‘lmayotgan muammo” sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.
Unda Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Yunusobod-1 berk ko‘chasi, 22-uyda istiqomat qiluvchi aholi vakillarining murojaatlari asosida olib borilgan surishtiruv tafsilotlari yozilgandi. Maqolada yotoqxonaga egalik qiluvchi tashkilot binoni Yunusobod tumani hokimligi tasarrufiga berishga qarshilik qilib kelayotgani, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 iyundagi 413-son qarori talablarini bajarishni asossiz ortga surayotgani, qolaversa, yotoqxonani o‘z balansida saqlovchi “Suvloyiha” DUK, garchi o‘zidan yuqori turuvchi tashkilot – Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining (endilikda, Suv xo‘jaligi vazirligi) roziligiga qaramay, binoning uy-joy maqomiga o‘tishiga asossiz to‘sqinlik qilib kelayotgani ta'kidlangan edi.
Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining Kun.Uz’ga ma'lum qilishicha, maqolada e'lon qilingan muammo barham topgan hamda 22-uy hisoblangan yotoqxonaga uy-joy maqomi berilgan. 2018 yil 12 oktabr kuni Yunusobod tumani hokimi Rahmonbek Usmonov shu mazmundagi qarorni imzolagan.
Unda yozilishicha, “fuqarolar tomonidan Adliya vazirligiga “Suvloyiha” DUK qarashli Yunusobod tumani, Yunusobod 1-berk ko‘chada joylashgan ko‘p qavatli 22-yotoqxonada uzoq yillardan buyon yashab kelayotgan 16 nafar oila va a'zolarining talabidan kelib chiqib, ushbu yotoqxonani turar joy maqomiga o‘tkazish masalasi bo‘yicha murojaat kelib tushdi va u ko‘rib chiqildi. Uy-joy kodeksining 82-moddasida uylarni yotoqxonalarga o‘tkazish, shuningdek yotoqxonalarga uylar maqomini berish uy-joy fondining mulkdorlari tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.
Muammoni hal etishda Yunusobod tuman hokimining 2018 yil 12 iyunda qabul qilingan 282-f-son alohida farmoyishi asosida davlat qabul hay'ati a'zolari tomonidan yotoqxonani turar joy maqomiga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilishi ta'minlandi.
Natijada 20 yildan buyon fuqarolarni qiynab kelayotgan muammo hal etildi. Yunusobod tuman hokimining 2018 yil 12 oktabrdagi 1659-son qaroriga asosan Yunusobod tumani, Yunusobod 1-tupik, 22-yotoqxona binosi yotoqxona maqomidan chiqarilib, uy-joy fondi ro‘yxatiga kiritildi”, - deyiladi xabarda.