O‘zbekiston | 10:08 / 19.10.2018
7056
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p yillik daraxtlarni ko‘chmas mulk deb hisoblash taklif qilinmoqda

Foto: KUN.UZ

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida ko‘p yillik daraxtlarni ko‘chmas mulk deb hisoblash hamda ularning davlat kadastrini yuritish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, daraxtlarni noqonuniy kesilishdan himoya qilish maqsadida har bir manfaatdor jismoniy yoki yuridik shaxs (fuqarolar, uy-joy egalarining shirkatlari, mahallalar, korxonalar v.b.) o‘z tashabbusi bilan daraxtlarning davlat kadastri yuritilishini tashkillashtirish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim. 

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 83-moddasiga muvofiq, ko‘p yillik dov-daraxtlar ko‘chmas mulk sifatida e'tirof etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Davlat kadastrlari to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasida ko‘chmas mulk hisoblangan barcha kadastr obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyligi belgilangan.

Murojaat muallifining yozishicha, amaldagi qonunchilikdan unumli foydalangan holda, hududlardagi daraxtlarning davlat kadastrida ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini yo‘lga qo‘yish lozim. 

Ushbu tizimning yo‘lga qo‘yilishi daraxtlarni himoya qilish bo‘yicha quyidagi o‘zgarishlarga: 

- daraxtlar aniq hisobining yuritilishiga va inventarizatsiya qilinishi; 
- daraxtlarga bo‘lgan muayyan egalik huquqining mustahkamlanishi va noqonuniy kesilishdan himoyalanishi; 
- daraxtlarni himoya qilish bo‘yicha mas'ul davlat organlari va fuqarolar bilan muvofiqlashtirilgan munosabatning yuzaga kelishi; 
- daraxtlarga zarar yetkazilganda yoki kesilganda o‘rnini qoplash bo‘yicha da'volarning asosli bo‘lishiga olib keladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq pensiya miqdorini yoshga qarab belgilash taklif etilgandi.

Mavzuga oid