Sport | 14:02 / 23.10.2018
42966
4 daqiqa o‘qiladi

Makgregor Nurmagomedov bilan jangdagi o‘z xatolarini ma'lum qildi

Foto: AP

Aralash yo‘nalish (MMA) bo‘yicha irlandiyalik jangchi Konor Makgregor rossiyalik Habib Nurmagomedovga qarshi yengil vazn toifasida Mutlaq jangchilar chempionati (UFC) chempioni nomi uchun kechgan jang yakunlarini sarhisob qildi.

«Birinchi raund. O‘ylaymanki, ochkolar bo‘yicha birinchi raund uning foydasiga hal bo‘ldi. U tepadan pozitsiyani ushlab oldi. Shundan keyin hech qayerga qimirlamadi va hech qanday zarar yetkazmadi. Lekin u tepada edi. Jang nuqtai nazaridan, birinchi raund mening foydamga hal bo‘ldi. Men unga bir nechta aniq zarba berib, tajovuzkor harakat qildim. Chap qo‘l bilan to‘g‘ri zarba, boshga tizza bilan, tirsaklar bilan klinchdagi zarbalar. Raqib deyarli butun raund oyoqlari bilan qafasga tayanib turdi», - deb yozadi instagramda Makgregor.

Jangchining ta'kidlashicha, ikkinchi raundda Nurmagomedov tasodif tufayli bahs taqdirini hal qilgan zarbani berdi.

«Bu yaxshi zarba edi. Shundan so‘ng men darhol o‘zimga keldim va javob qaytarishga urindim, ammo raqib chiqib ketdi. Aqlli usul, bu unga raundni o‘z foydasiga hal qilish imkonini berdi. Ajoyib», - deya ta'kidlab o‘tdi irlandiyalik.

Makgregorning fikriga ko‘ra, raqibining tik turgan holdagi ishiga jiddiyroq munosabatda bo‘lganida, jang boshqacha yakun topishi mumkin edi.

«Men zarbalar almashishga tayyorlanmagan edim. Tik holatda sparringlarda deyarli ishlamadik. Faqat greppling/kurash. Men bu xatoni endi qaytarmayman. Parterdan himoyaga ko‘p e'tibor qaratib yubordim va o‘zim hujum qilmadim. Bu men uchun yana bir xato bo‘ldi.

Hech kimga quloq solmang va o‘zingizning kuchli tomonlaringiz nimadan iborat ekanini bilib yuring. Siz o‘zingizga o‘zingiz xo‘jayinsiz. Faqat o‘zingizni eshiting», - deya aytib o‘tdi UFC’ning ikki vazn toifasidagi sobiq chempioni.

Irlandiyalikning ma'lum qilishicha, tashabbus uchinchi raundda uning tomonida bo‘lgan va u jangning uchinchi qismini o‘z foydasiga hal qilgan.

«To‘rtinchi raund. Tiklanish yaxshi darajada bo‘lmadi. Bu mening aybim. Men boshida zarbalar almashinuvida g‘alaba qozondim, lekin u yana oyoqlarga yopishdi. Men biroz yomon holatga tushib qoldim, raund yakunlanishiga esa 3 daqiqa qolgandi. Chiqib ketishga harakat qildim va qafasga yelkam bilan turib qoldim. Barqaror pozitsiya, lekin men juda muhim xatoga yo‘l qo‘ydim hamda yelkamni berib qo‘ydim. Shundan keyin u mohirona va halol tarzda jangni o‘z g‘alabasi bilan yakunladi», - deb yozadi Makgregor.

Jangchining qayd etishicha, bahs ajoyib tarzda bo‘lib o‘tdi.

«Men qaytaman va oldingidek o‘zimga ishonchim katta bo‘ladi. Maksimal darajada tayyor bo‘laman. Agar menga revanshni darhol berishmasa - muammo yo‘q. Kamar uchun keyingi da'vogar bilan uchrashishga tayyorman. Nima bo‘lgan taqdirda ham, men tayyor turaman. Hammangizni yaxshi ko‘raman, muxlislarim. Yaqinda ko‘rishamiz», - deydi Makgregor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq UFC rahbari Nurmagomedov endi kim bilan jang o‘tkazishi kerakligini aytgandi.

Mavzuga oid