Jahon | 00:17 / 27.10.2018
24817
6 daqiqa o‘qiladi

Portlovchi jo‘natmalar: tarixda qachon va kimlarga bomba jo‘natilgan?

24 oktabr kuni AQSh Maxfiy xizmati Hillari Klinton va Barak Obama manziliga jo‘natilgan pochta jo‘natmalarida portlovchi moddalar topilganini e'lon qildi.

Obamaga jo‘natma uning Vashingtondagi manziliga, Klinton xonimga atalgani esa Nyu-York yaqinidagi Chappakua shaharchasidagi uyiga jo‘natilgan. Dushanba kuni The New York Times nashri tomonidan biznesmen Jorj Sorosga atalgan bombali jo‘natma haqida xabar tarqatilgan edi. 

Bundan tashqari, yana bir jo‘natma Nyu-Yorkdagi CNN tahririyati joylashgan “Time Warner Center tomon ketayotgan jo‘natmalar ichida aniqlangan. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, bu jo‘natma CNN’da ekspert sifatida chiqadigan MRBning sobiq direktori Jon Brennanga mo‘ljallanganligi aniqlangan. Tahririyat binosining bir qismi evakuatsiya qilingan, politsiya jo‘natma ichida portlovchi qurilma va oq kukun borligini tasdiqlagan.

Shubhali jo‘natmalar Floridaga – demokrat-kongressmen Debbi Vasserman Shultsga, San-Diyegoga — senator Kamala Harris hamda San Diego Union-Tribune gazetasi tahririyatiga, boshqasi Merilendga — kongressmen Maksin Uotersga yetib borayotgan chog‘da aniqlanib zararsizlantirilgan. 

Nyu-York politsiyasining terrorizmga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Jon Millerning so‘zlariga ko‘ra, barcha jo‘natmalarni bir kishi jo‘natgan.

Bunday holatlar ilgari ham bo‘lganmi?

Kichik quvvatga ega portlovchi qurilma solingan jo‘natmalar turli davlatlar elchixonalariga hamda taniqli siyosatchilar, bankirlar, amaldorlar va boshqalarga ilgari ham jo‘natilgan.

Ilk bor qayd etilgan bunday hodisa 1712 yil 4 noyabrda sodir bo‘lgan. Oksford grafi va Britaniya lord-xazinaboni Robert Xarliga jo‘natilgan banderol ichidan tepkisiga ip bog‘langan bir nechta o‘qlangan to‘pponcha topilgan. Banderol ochilgan chog‘da to‘pponchalar otilishi ko‘zda tutilgan. Jinoyatchilarning rejasi o‘sha kuni tasodifan grafnikida mehmon bo‘lgan yozuvchi Jonatan Sviftning ziyrakligi tufayli amalga oshmay qolgan. U ipni qirqib, qurilmani zararsizlantirgan.

1947 yilda Oq uyga, prezident Garri Trumenga bomba solingan bir nechta posilka jo‘natilgan. Ular Oq uy pochta xizmati tomonidan to‘xtatib qolingan.

1962 yil 22 iyulda Misr o‘rta masofaga mo‘ljallangan ikki raketani sinovdan o‘tkazadi va mamlakat prezidenti Jamol Abdul Nosir “Endi biz Bayrutdan janubda joylashgan har qanday nishonga ura olamiz” deya bayonot beradi. Bunga javoban Isroil mazkur raketa loyihasi rahbarlarini yo‘q qilishga qaror qiladi. Ana shundaylardan biri nemis muhandisi Volfgang Pilts edi. Noyabrda Qohiradagi ofisda uning nomiga kelgan posilkani ochayotganida uning kotibasi og‘ir jarohatlanadi. Bir necha kundan keyin nemis mutaxassislari ishi uchun mas'ul bo‘lgan Kamol Azzozga kelgan posilkani ochayotganida besh nafar misrlik muhandis halok bo‘ladi.

1996 yilda xonanda Borkka uning muxlisi Rikardo Lopes portlovchi modda va oltingugurt kislotasi solingan posilka jo‘natadi. Bomba xonandagacha yetib bormaydi, uni London politsiyasi to‘xtatib qoladi, buni bilgan Lopes esa o‘z joniga qasd qiladi.  

1981 yil 5 mayda Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta I ning katta o‘g‘li shahzoda Charlzga qilingan suiqasdning oldi olinadi. Pochta saralash bo‘linmasida unga jo‘natilgan konvert ichida portlovchi qurilma borligi aniqlanadi va u zararsizlantiriladi. 

2010 yilda Gretsiya hukumati xalqaro pochta jo‘natish va qabul qilishni vaqtincha cheklashga majbur bo‘lgan. Bunga Gretsiyadan Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi, GFR kansleri Angela Merkel va Italiya bosh vaziri Silvio Berluskoniga bombali posilkalari jo‘natilgani sabab bo‘lgan. Bomba solingan xavfli posilkalar, shuningdek, Meksika, Niderlaniya, Belgiya, Bolgariya va Rossiya elchixonalariga ham jo‘natilgan.  

2011 yil aprelda pochta xodimlari “Seltik” futbol klubi bosh murabbiyi Nil Lennon va klub muxlislari nomiga jo‘natilgan portlovchi qurilma solingan posilkalarni aniqlashadi. Bu posilkalarni jo‘natgan Trevor Myurxed va Nil Makkenzi besh yilga ozodlikdan mahrum etiladi.

2011 yil dekabrda Mayndagi Frankfurt shahrida joylashgan pochta bo‘limi xodimlari Deutsche Bank rahbari Yozef Akkermanga jo‘natilgan posilkada portlovchi qurilma borligini sezib qolishgan.

2013 yil 19 aprelda politsiya Germaniya prezidenti ma'muriyatiga jo‘natilgan portlovchi qurilma joylashtirilgan maktubni yo‘q qilgan. Maktub ichida portlash jarayonini hosil qiluvchi GMTD kristallari bo‘lgan.

2013 yil aprelda AQSh prezidenti Barak Obama va senator Rojyer Uikkerga insonni halok qiluvchi ritsin zahari solingan maktublar jo‘natilgan. 

201 7yil mayda Gretsiyaning sobiq bosh vaziri Lukas Papadimos mashinasida bo‘lgan banderol portlashi oqibatida yaralangan. Shuningdek, uning haydovchisi va ikki qo‘riqchisi ham jarohatlangan.

Dilshodbek Asqarov tayyorladi.

Mavzuga oid