24 oktabr kuni AQSh Maxfiy xizmati Hillari Klinton va Barak Obama manziliga jo‘natilgan pochta jo‘natmalarida portlovchi moddalar topilganini e'lon qildi.
Obamaga jo‘natma uning Vashingtondagi manziliga, Klinton xonimga atalgani esa Nyu-York yaqinidagi Chappakua shaharchasidagi uyiga jo‘natilgan. Maxsus xizmat Obama va Klintonlar oilasiga xavf yetmaganini ta'kidlagan. Shubhali narsalar maxsus xodimlar tomonidan pochta jo‘natmalarining standart tekshiruvi chog‘ida aniqlangan. Bu haqda The New York Times xabar bermoqda.

Shundan so‘ng bunday portlovchi qurilmalar pochta orqali boshqa manzillarga ham jo‘natilganligi aniqlangan. Xususan, BNO News tomonidan Kolumbiya okrugidagi harbiy bazada prezident administratsiyasi uchun mo‘ljallangan pochta jo‘natmasi ushlangani xabar qilindi.

Keyinroq Maxfiy xizmat bu xabarni rad etdi.
Yana bir jo‘natma Nyu-Yorkdagi CNN tahririyati joylashgan «Taym-Uorner-Sentr» tomon ketayotgan jo‘natmalar ichida aniqlangan. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, bu jo‘natma CNN’da ekspert sifatida chiqadigan MRBning sobiq direktori Jon Brennanga mo‘ljallanganligi aniqlangan. Tahririyat binosining bir qismi evakuatsiya qilingan, politsiya jo‘natma ichida portlovchi qurilma va oq kukun borligini tasdiqlagan.

Telekanal tarqatgan axborotga ko‘ra, bombalarning mexanizmi juda oddiy, lekin aniq ishlaydigan bo‘lgan. Sapyorlar bombalarni osongina zararsizlantirishgan.
Shubhali jo‘natmalar Floridaga – demokrat-kongressmen Debbi Vasserman Shultsga, San-Diyegoga — senator Kamala Harris hamda San Diego Union-Tribune gazetasi tahririyatiga, boshqasi Merilendga — kongressmen Maksin Uotersga yetib borayotgan chog‘da aniqlanib zararsizlantirilgan.
Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo shubhali jo‘natmani uning ofisida ham qabul qilishganini aytib o‘tgan, biroq keyinroq aniqlanishicha u oddiy jo‘natma bo‘lib chiqqan.
Dushanba kuni The New York Times nashri tomonidan biznesmen Jorj Sorosga atalgan bombali jo‘natma haqida xabar tarqatilgan edi. Portlovchi qurilmani Nyu-York ostonasidagi Bedford shaharchasida joylashgan qarorgohda uning pochta saralashi uchun mas'ul bo‘lgan xodimi aniqlagan va xavfsiz masofaga eltib, politsiya chaqirgan. Bedford Hillari Klintonning Chappakuadagi uyiga juda yaqin joyda joylashgan.

















