Sport | 14:10 / 31.10.2018
9757
4 daqiqa o‘qiladi

«Real» Pochettinoni olib kelmoqchi, «Tottenhem» futbolchilari tashvishda

«Tottenhem Hotspur» futbolchilari bosh murabbiy Maurisio Pochettino jamoadan ketishi mumkinligi haqidagi xabarlardan tashvishda.

The Telegraph nashri xabariga ko‘ra, Pochettino qishda «Tottenhem»dan ketmasligi mumkin, ammo yozda londonliklar jamoasi rahbariyati «Real» va «Manchester Yunayted»da talab mavjud bo‘lgan ushbu mutaxassisni ushlab qolishi qiyin bo‘ladi.

The Sun nashri esa «Real»ning Pochettinoga taklifi bo‘yicha yangi tafsilotlarni e'lon qildi. 

Nashrda yozilishicha, madridliklar klubi rahbariyati argentinalik mutaxassisga hozirgi maoshidan ikki barobar ko‘p miqdorda oylik to‘lashga tayyor. Aniqrog‘i, Pochettinoga yiliga 17 million funt maosh taklif qilinishi mumkin.

Manbaning aniqlashicha, «qaymoqranglilar» ushbu murabbiyni birinchi raqamli nomzod sifatida ko‘rmoqda va unga 5 yillik shartnoma loyihasini taqdim etishni rejalashtirishmoqda. Murabbiyning ushbu vaqt davomida oladigan maoshining umumiy miqdorda 85 million funtni tashkil etadi.

Qo‘shimcha qilinishcha, «Real» prezidenti Florentino Peres mavsum o‘rtasida ushbu yirik loyihaga qo‘l urib bo‘lmasligini tushunib turibdi. «Shporlar» bosh ijro direktori Daniel Levi bunga qattiq qarshilik ko‘rsatgan taqdirda Peres yozgacha kutishga tayyor.

Ma'lumot uchun, 46 yoshli mutaxassis 2014 yil mayidan buyon London jamoasiga ustozlik qilib keladi. U o‘tgan vaqt davomida ikki marotaba shartnomasini yangilagan, so‘nggi marta shu yilning mayida 5 yillik bitimga imzo chekib, «Tottenhem»da 2023 yilgacha ishlashga rozi bo‘lgan edi. Argentinalik hozirgi ish joyida yiliga 8,5 mln funt maosh oladi.

Bundan oldinroq, «Real» «Chelsi»ning sobiq bosh murabbiyi Antonio Konte bilan kelisha olmagani ma'lum bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, 29 oktabr kuni Xulen Lopetegi qoniqarsiz natijalar tufayli «Real» bosh murabbiyligidan iste'foga chiqarildi.

U shu yilning 12 iyunida «Real» bilan 3 yillik shartnomaga imzo chekkan edi. U bu vaqtda Ispaniya terma jamoasini boshqarib turgan, ammo klub bilan bitim imzolangani ma'lum bo‘lgach, lavozimidan ozod etilgandi.

Lopetegi «qirollik klubi» ustozi sifatida ilk o‘yinini UYeFA Superkubogida «Atletiko»ga qarshi o‘tkazgan va qo‘shimcha bo‘limlarda o‘tkazib yuborilgan gollar sabab 2:4 hisobida mag‘lubiyatga uchragan edi. O‘tgan vaqt davomida ispaniyalik mutaxassis klubni 14 o‘yinda maydonga boshlab chiqib, 6 tadan g‘alaba va mag‘lubiyat, 2 ta durang natija qayd etdi. La Liganing 10-turidan so‘ng «Real» yetakchi «Barsa»dan 7 ochkoga ortda qolgan holda 9-o‘rinda bormoqda.

Endilikda «Real»ni Santyago Solari vaqtinchalik bosh murabbiy sifatida boshqarib turadi. Ammo u, federal tartibga muvofiq, ushbu maqomda uzog‘i bilan 15 kun muddat faoliyat yuritishi mumkin. Matbuotda «qaymoqranglilar» rahbariyati italiyalik murabbiy Antonio Konte bilan tezkor kelishuvga erishishning imkonini topa olmagani, tayinlov kelasi haftaga qoldirilishi mumkinligi aytilmoqda.

Ma'lumot uchun, «qirollik klubi» ertaga Ispaniya kubogi doirasida «Melila» jamoasiga qarshi bahsda maydonga tushadi. Shundan so‘ng jamoa 3 noyabrda (shanba) «Valyadolid»ni qabul qilsa, 7 noyabr kuni YeChL doirasida Plzenning «Viktoriya» klubi mehmoni bo‘ladi.

Mavzuga oid