Jahon | 16:25 / 02.11.2018
8319
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Xitoyning tijorat josusligi bilan kurash boshladi - CNN

Foto: Andrew Harnik/AP

AQSh prezidenti Donald Trampning ma'muriyati Xitoy tomonidan iqtisodiy josuslikka qarshi kurash bo‘yicha choralar ko‘rmoqda, deya ta'kidlaydi CNN telekanali.

Shuningdek, amaldorlar Amerika kompaniyalarini himoya qilishga urinishmoqda va tijorat sirlarini o‘g‘irlash bilan kurash bo‘yicha yangi choralar haqida e'lon qilishdi.

Bu hafta AQSh Adliya vazirligi Xitoy davlati nazoratidagi kompaniyaga, shuningdek, Tayvan kompaniyasi va tayvanlik uch shaxsga ayblovlar qo‘ydi. Ular xotira chiplarini ishlab chiqaruvchi Micron kompaniyasidan tijorat sirini o‘g‘irlash maqsadida til biriktirganlikda ayblanmoqda.

«Qo‘shma Shtatlarga qarshi Xitoyning iqtisodiy josusligi o‘sib bormoqda va bu katta sur'atlar bilan yuz bermoqda. Bugun biz bu yerda shunday bayonot berish uchun yig‘ildik: «Bas. Bunga endi toqat qilmaymiz», - deya AQSh bosh prokurori Jyeff Seshnsning so‘zlarini keltiradi CNN.

Ushbu bayonot AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Tszinpin o‘rtasida so‘nggi bir necha oy ichida yuz bergan ilk telefon muloqoti vaqtida berildi. Yetakchilarning muloqoti ikki qudratli davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va siyosiy keskinlikning ortishi fonida o‘tkazildi, deya ta'kidlaydi telekanal.

Biroq, muloqot AQShning Pekinga nisbatan tijorat va intellektual josuslik bo‘yicha ayblovini o‘zgartirishi dargumon, deyiladi materialda.

Ushbu haftaning boshida AQSh Adliya vazirligi xitoylik ikki josusni Amerika kompaniyalardan reaktiv dvigatellar texnologik ishlanmalarini o‘g‘irlashga urinishda aybladi. Bularning bari AQSh va Xitoy o‘rtasida savdo sohasida ham keskinlik yuzaga kelishi ta'sir qilmoqda, deya qo‘shimcha qilib o‘tgan CNN.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Rossiya, Xitoy va KXDR tahdidi sababli razvedka hamda josuslikka xarajatlarni oshirgani xabar berilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid