Jahon | 16:26 / 03.11.2018
6452
2 daqiqa o‘qiladi

Avstriya kontrrazvedka xizmati xodimlari korrupsiyada gumon qilinmoqda

Avstriyaning iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha prokuraturasi mamlakat konstitutsiyasini himoya qilish va terrorizmga qarshi kurashish idorasi (kontrrazvedka) xodimlari 2015 yilda suriyalik generalga zudlik bilan siyosiy boshpana berganliklari yuzasidan surishtiruv ishlarini boshladi. Bu haqda Kurier gazetasi xabar berdi.

Gazetaning bildirishicha, Suriya maxsus xizmatlari sobiq generali Xolid X. Raqqa shahrida sodir etilgan harbiy jinoyatlarda gumonlanib Yevropa politsiya agentligi tomonidan qidirilmoqda.  

Ma'lum bo‘lishicha, general 2015 yilda avvaliga Fransiyadan boshpana so‘ragan, ammo Fransiya hukumati javobini kutib o‘tirmasdan Avstriyadan ham boshpana so‘ragan. O‘z navbatida Avstriya hukumati Parij birinchi davlat sifatida general uchun mas'ul bo‘lishiga qaramasdan unga boshpana berish jarayonini boshlagan. Kontrrazvedka xizmati esa uning harbiy jinoyatlarga aloqasi yo‘qligini bildirgan va u yarim yil ichida qochoq maqomini olgan.

Oqibatda Fransiya 2017 yilda suriyalik generalning boshpana so‘rash haqidagi so‘rovini rad etgan va 2018 yilda unga nisbatan insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etish ayblovi bilan ish ochgan. Avstriya prokuraturasi ham kontrrazvedka va migratsiya xizmati xodimlarining unga siyosiy boshpana berishda o‘z lavozimlarini suiiste'mol qilganliklari yuzasidan tekshiruv ishlarini boshlagan.

Avvalroq shu yilning mart oyida Avstriya ichki ishlar vazirligi huzuridagi mamlakat konstitutsiyasini himoya qilish va terrorizmga qarshi kurashish idorasi Janubiy Koreya hukumatiga maxfiy ravishda KXDR fuqarolarining xorijga chiqish pasportlarini berganlikda ayblangandi. 

 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid