O‘zbekiston | 10:43 / 03.11.2018
15096
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident xususiy maktablarni rivojlantirish istiqbolli vazifa ekanini qayd etdi 

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 noyabr kuni xalq ta'limi tizimini yanada rivojlantirish borasidagi islohotlar samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda maktablarda bilim berish va o‘zlashtirish darajasi bugungi zamon talablariga mos emasligi tanqid qilindi. 10-11-sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida o‘quv-ishlab chiqarish majmualari tashkil etish va ularni jihozlash ishlari qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Mamlakat bo‘yicha sinflarda o‘quvchilar soni o‘rtacha 23, Toshkent shahri va viloyat markazlarida 40 nafarni tashkil etadi. Bizda har 13 o‘quvchiga bitta o‘qituvchi to‘g‘ri keladi, rivojlangan davlatlarda bu 10 nafardan oshmaydi. Sinflarda o‘quvchilar sonini, haftalik dars yuklamasini kamida 5-10 foizga tushirish kerak, dedi davlat rahbari.

Umumta'lim maktablarida axborot texnologiyalarining joriy etilishini ham qoniqarli deb bo‘lmaydi. Misol uchun, ba'zi maktablarda informatika fani hali hamon eski dasturlash tili asosida o‘tilmoqda, bir qator kompyuter jihozlari yaroqsiz holga kelib qolgan.

Shu bois, maktablarda kompyuter bilan ta'minlanganlik darajasini tanqidiy o‘rganib, ularni jihozlash bo‘yicha aniq manzilli dasturlar ishlab chiqish, informatika fanini o‘qitishning zamonaviy uslublarini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mamlakatda xorijiy tajriba asosida xususiy maktablarni rivojlantirish istiqbolli vazifalardan ekani qayd etildi.

Yig‘ilishda maktablarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlarining borishi ham muhokama qilindi. Xalq ta'limi va Moliya vazirliklari mahalliy hokimliklar bilan birgalikda 2 hafta muddatda maktablarni kuz-qish mavsumiga to‘liq tayyorlash choralarini ko‘rish zarurligi ta'kidlandi.

Mavzuga oid