Jahon | 11:25 / 12.11.2018
4375
2 daqiqa o‘qiladi

Kaliforniyada o‘rmon yong‘inlari oqibatida halok bo‘lganlar soni ortib boryapti

Foto: AFP 2018 / Josh Edelson

AQShning Kaliforniya shtatidagi o‘rmon yong‘inlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 31 kishiga yetdi, deb xabar qilmoqda USA Today.

Kaliforniya shimolida Camp o‘rmon yong‘ini oqibatida 29 kishi qurbon bo‘ldi, yana ikki kishi Woolsey yong‘ini natijasida shtat janubida hayotdan ko‘z yumdi. Avvalroq, 228 kishi bedarak yo‘qolgani haqida xabar berilgandi.

Kaliforniya shimolida Camp o‘rmon yong‘ini payshanba kuni boshlandi va shtat tarixidagi eng vayronakor yong‘inga aylandi. Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, yong‘in deyarli 45 ming gektar yerni qamrab oldi, yakshanba kuni ertalab o‘t o‘chiruvchilar yong‘inning 25 foizini bartaraf qilishdi. Olov sababli 6,47 mingta bino va inshootlar vayron bo‘ldi.

Telekanalga ko‘ra, Kaliforniya janubida ikkita yong‘in avj olgan. Woolsey yong‘ini 33 ming gektar yerni qamrab oldi hamda 10%ga bartaraf qilindi. Yana bir yong‘in, Hill 1,8 ming gektar joyga tarqaldi va hozirda 75%ga bartaraf etilgan. Shtat janubidagi yong‘inlar oqibatida jami 179ta bino vayronaga aylandi, olov kamida 57 mingta bino-inshootlarga tahdid solmoqda.

Kaliforniyada o‘rmon yong‘inlari tufayli 300 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid