O‘zbekiston | 16:39 / 12.11.2018
19882
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda AES qurilishining faol bosqichi 2020 yilda boshlanadi

Foto: Rosatom

O‘zbekistonda ilk atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha ishlar 2020 yilda boshlanadi, deya ma'lum qildi «O‘zatom» agentligi bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov «Narodnoye slovo» gazetasiga bergan intervyusida.

«Tegishli joyni tanlash bo‘yicha ishlar yakunlangach, fuqarolar, jamoatchilik, MAGATE fikrini bilish uchun tegishli tadbirlar o‘tkazamiz, undan keyin litsenziya olishga xulosa tayyorlanadi. 2020 yilda birinchi beton quyishni rejalashtirmoqdamiz», - dedi Mirzamahmudov.

MAGATE qoidalariga ko‘ra, joyni tanlashda kamida ikkita hudud tekshirilishi kerak. Agentlik rahbarining so‘zlariga ko‘ra, respublikada bu boradagi ishlar beshta hududda o‘tkazilmoqda. «Ular asosan Aydarko‘l va To‘dako‘l ko‘llari yonida joylashgan. Har birida meteostansiyalar o‘rnatiladi, geologik sinovlar o‘tkaziladi, yer, tuproq zichligi, yer osti suvlari darajasi tekshiriladi. AES qurilishi eng muhim jihati xavfsizlik bo‘lgan loyihadir», - deya ta'kidlab o‘tdi Mirzamahmudov.

Atom energiyasidan tinch maqsadda foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘tgan yilning 29 dekabrida O‘zbekiston va Rossiya tomonidan imzolandi. Hujjatda har biri quvvatining 1200 MVt bo‘lgan «3+» avloddagi VVER-1200 ikkita energoblokdan iborat AES qurilishi ko‘zda tutilgan. Obektni 2028 yilgacha foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid