Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Singapur xavfsizlik xizmatlari Vladimir Putindan metallqidirgich ramkasidan o‘tishni so‘ragani haqidagi ma'lumotni rad etdi. Bu haqda 15 noyabr, payshanba kuni «Govorit Moskva» radiostansiyasi o‘z Telegram-kanalida xabar berdi.
«U xuddi hamma kabi turniket orqali o‘tdi», - dedi Kreml vakili.
Avvalroq, Kremlga yaqin jurnalist Dmitriy Smirnov payshanba kuni Putin Rossiya - ASeAN sammiti vaqtida metallqidirgich ramkasidan o‘tmagani, «Kommersant'» gazetasi maxsus muxbiri Andrey Kolesnikovning bu boradagi xabari asossiz ekanini xabar berdi.
Andrey Kolesnikov Singapurda Rossiya - ASeAN sammiti oldidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni o‘rnatilgan tartib-qoidaga zid ravishda metallqidirgich ramkasidan o‘tishga majbur qilishgani haqida xabar tarqatgandi.
Muxbirning aytishicha, sammit o‘tgan Suntec savdo-ko‘rgazma markazida Putin har doimgidek metallqidirgich ramkasi yonidan o‘tib ketmoqchi bo‘lganda, unga ramka orqali o‘tishi kerakligini ko‘rsatishgan. Kolesnikovning ta'kidlashicha, bu «hech kuzatilmagan noodatiy hodisa» bo‘lgan: prezidentlarga odatda «doimo mavjud va biror ustunchalar bilan chegaralab qo‘yiladigan» qo‘shimcha o‘tish joyi ochiladi.
Putin Singapurga 13 noyabrda 3 kunlik tashrif bilan keldi.