Jamiyat | 14:57 / 19.11.2018
17871
5 daqiqa o‘qiladi

Beshariqda bemor o‘limiga sababchi bo‘lgan shifokorlarga jazo tayinlandi

Foto: Fotolia

O‘tgan yilning 12 iyulida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezidentimiz tomonidan Farg‘ona viloyati Beshariq tumani tibbiyot birlashmasida shifokorlar va tibbiyot xodimlarining o‘z kasbiga sovuqqonligi tufayli bemor Dilrabo Amanovaning vafot etgani qattiq tanqid qilingandi.

Xo‘sh, aslida voqea qanday yuz bergandi? 

Tergov va sud jarayonida aniqlanishicha, D. Amanova 2017 yil 3 iyul kuni soat 18:40 atrofida Beshariq tumani tibbiyot birlashmasining Shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga "Tuxumdon kistasining yorilishi" tashxisi bilan qabul qilingan. Bu paytda birlashmaning reanimatolog vrachi Qahramon Haydarov va anesteziolog-reanimatolog O‘ktamjon Murodov navbatchi bo‘lgan. 

Shundan so‘ng Q. Haydarov va O‘. Murodov akusher-ginekolog Sh. Tulametova hamda navbatchi xirurg I. Abdumalikov bilan birga bemorda o‘rta pastki laparotomiya, o‘ng tuxumdon ponasimon rezeksiyasi, sanatsiya va naychalash operatsiyasini o‘tkazgan. Bu operatsiya 1 soatu 30 daqiqa davom etgan. 

Operatsiya mobaynida bemor 1200 ml qon yo‘qotgan. Ammo shifokorlar Q. Haydarov va O‘. Murodov o‘z kasbiga nisbatan beparvolik bilan munosabatda bo‘lib, bemor yo‘qotgan qon hajmini to‘liq baholashmagan hamda o‘rnini to‘ldirish choralarini ko‘rmagan. Qolaversa, bemorning ahvolidagi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida kuzatib borishmagan. 

Oqibatda operatsiyadan keyingi birinchi sutkada ayolda miyaning chuqur karaxtligi va markaziy gemodinamikaning tushishi yuzaga kelgan. Bu og‘ir holat hayotiy muhim organlar faoliyatining birin-ketin buzilishiga sabab bo‘lgan. 

Dilrabo Amanova 2017 yil 4 iyul kuni soat 23:15 da vafot etgan. Marhuma patologoanatomik tekshiruvdan o‘tkazilmasdan, yaqinlarining tilxatiga asosan berib yuborilgan. 

Shifokorlar o‘z aybini yashirish hamda D. Amanovaning operatsiya paytidagi ahvolini go‘yoki risoladagidek holatda ko‘rsatish maqsadida 2017 yil 3 iyulda bemor nomiga ochilgan rasmiy hujjat — kasallik tarixidagi bemorning dinamik ko‘rsatkichlari va boshqa o‘zlariga tegishli yozuvlarni qalbakilashtirishgan. Jumladan, o‘sha kuni soat 21:00da tekshiruvdan o‘tkazilgan paytda bemorning arterial qon bosimi 80/50 mm simob ustuni darajasida ekani qayd etilgan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich 90/60 mm simob ustuni tarzida o‘zgartirilgan. Bundan tashqari, reanimatolog Q. Haydarov tomonidan 2017 yil 4 iyul kuni bemorni og‘riqsizlantirish maqsadida "Promedol" dori vositasining buyurilgan vaqti soat 13:10 dan soat 10:10 ga o‘zgartirilgan. 

Shifokorlar o‘zlarini bemorda o‘pka arteriyalarining tromboemboliyasi bo‘lishini xuddi oldindan bilgandek ko‘rsatish uchun kasallik tarixiga "Soat 09-00 da bemorga tromboemboliyaning oldini olish maqsadida kliksan 0,4 teri orasiga qo‘shildi, imzo, Haydarov Q. M." degan qaydni ham kiritgan. Yanada tushunarli qilib aytganda, D. Amanovaning o‘limiga go‘yoki o‘pka arteriyalari tramboemboliyasi sabab qilib ko‘rsatilgan. 

Rafiqasining o‘limi Vohidjon Amanovni qattiq iztirobga soladi. Negaki, Vohidjon Dilrabo bilan turmush qurgach, 2 nafar farzand ko‘rgan, ikkalasi ham hayotda bir-birining eng yaqin tayanchiga aylanib qolishgandi. Shu bois Vohidjon shifokorlarning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlar orqali davlatimiz rahbariga murojaat qildi.

Sudga oid qo‘shimcha komissiya ekspertizasining 2017 yil 23 avgustdagi va takroriy komissiya ekspertizasining 2017 yil 17 noyabrdagi xulosalarida operatsiyadan so‘ng bemor sun'iy nafas apparatidan erta ajratilgani, undagi yo‘qotilgan qon hajmi to‘liq to‘ldirilmagani, qolaversa, bemor biroz kechikishlar bilan operatsiya qilingani qayd etilgan. Bu, o‘z navbatida, bemorning ahvoli og‘irlashuviga olib kelgan.

Ekspertlar xulosasida olib borilgan davolash tadbirlari davolash-diagnostika standartlariga mos kelmasligi, aksincha yo‘l tutilganda, bemorning hayoti saqlab qolingan bo‘lishi mumkinligi ta'kidlangan.

Shu asoslarga ko‘ra, Q. Haydarov va O‘. Murodovga nisbatan Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi, 228-moddasi 2-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Furqat tuman sudi aybdorlarni qonuniy jazoga mahkum etdi. 

Oloviddin HASANOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Furqat tuman sudining raisi.

Mavzuga oid