Xalq ovozi | 23:43 / 20.11.2018
15165
10 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo viloyatidagi nogironlarga kim mas'ul?

«Kun.uz» tahririyatiga Sirdaryo viloyati, Sirdaryo shaharchasi, Temir yo‘l ko‘chasida joylashgan ikki qavatli uydagi xonadonda yong‘in sodir bo‘lgani haqidagi xabar yuborildi. Bu uy 1945 yilda tug‘ilgan X.Ye.ga tegishli bo‘lib, u bu uyda nogironligi bo‘lgan bolakay X.A. va boshqa yaqinlari bilan yashab kelgan.

Sirdaryo tuman YoXBning matbuot bo‘limiga ko‘ra, uy egasining 2008 yilda tug‘ilgan, ruhiy xasta, 2 guruh nogironligi bo‘lgan nabirasi X.A.ning uyda qarovsiz qolishi va gugurt chaqib o‘ynashi natijasida yong‘in sodir bo‘lgan. Bolakay Sirdaryo tumani YoXB xodimlari tomonidan qutqarib qolingan.

Bola qutqarilganda tutundan dimiqqan holda bo‘lib, unga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ko‘ngilsiz hodisa natijasida uy yotoqxonasining taxminan 5 m.kv. maydonidagi jihozlar, kiyim kechaklar va barcha hujjatlar yonib ketgan.

Ushbu holat yuzasidan ma'lumotda shunday deyilgan: «Nogironligi bo‘lgan bolakay keksa, biroz muomalaga layoqatsiz buvisi tomonidan uyda qarovsiz qoldirilgan. Aytishlaricha, shamollab qolgani bois tumandagi ixtisoslashtirilgan maktab internat tomonidan o‘z uyiga jo‘natib yuborilgan. Otasi haqida ma'lumot yo‘q, onasi vafot etgan...».

Lekin nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tibbiy ko‘rik va davolanish muolajalaridan bepul foydalanish huquqlari mavjudligi me'yoriy hujjatlar, qaror-farmonlar orqali mustahkamlab qo‘yilgan. Shu bois ma'lumotlar naqadar haqiqatga yaqinligini o‘rganish maqsadida Sirdaryo viloyatiga yo‘l oldik.

Birinchi galda, viloyatdagi Xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi 71-ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori bilan uchrashib, u yerdagi shart-sharoitlar bilan tanishdik. Bino ichki qismidagi ta'mir darajasi, oshxona, yotoqxona, yuvinish xonalarining mebellar bilan zamonaviy tartibda jihozlangan, mehnat to‘garaklari mavjud, bolalar savodxonligini oshirish maqsadida kutubxona zarur adabiyotlar bilan ta'minlangan.

Maktab direktori «bola shamollagani uchun o‘z uyiga jo‘natib yuborilgani haqidagi ma'lumot»dan bexabarligi ma'lum bo‘ldi. Maktab hamshirasi esa «bola shamollagani uchun emas, uni oila a'zolari o‘z ixtiyorlariga ko‘ra olib ketgani»ni aytdi. Ushbu javob qanchalik haqiqatga yaqinligi va bolaning ahvolidan xabar olish uchun u yashaydigan xonadonga bordik.

«Qutqaruvchilarning qutqargan insoniga nisbatan mehri tushib qoladi» deganlaricha bor ekan. Bolakayning taqdiriga befarq bo‘lmagan Sirdaryo tuman YoXB xodimlari bizga hamroh bo‘lishdi.

Kechki 19:30lar chamasi ko‘zlangan manzilga kirib bordik. Avvaliga eshik oldida bizni qarshi olgan X.A.ning akasi X.R. tashrifimiz maqsadini tinglab, bir oz e'tiroz bildirgandek bo‘ldi.

«Ahvolimiz bilan bir necha bor tanishib ketishdi, kelib ketaverishadi, lekin natija yo‘q. Oxirgi marta 6 oy oldin ham qaysidir tashkilotdan kelib, o‘rganib ketishgandi», dedi u norozi ohangda.

Bir xonadan iborat uy. Uyda nogironligi bo‘lgan boladan tashqari uch kishi (uning buvisi, tog‘asi va akasi) yashar ekan. Yong‘indan so‘ng bolaning akasi qo‘ldan kelgancha uyni ta'mirlashga uringan.

To‘rt devor ichida stol ustiga taxlangan idish-tovoqlar (javon yo‘q, avval ham bo‘lmagan), chelaklar, tartibsiz holda kiyim-kechaklar solingan (kiyim javoni yo‘q, oldin ham bo‘lmagan) bir necha sumka va ko‘rpa-to‘shaklar bor xolos...

Uyda hech bo‘lmaganda stol yoki xontaxta ko‘rmadik (avval ham bo‘lmagan ekan). Shu bois uy egalari «pol»da o‘tirib, to‘shalgan sochiq ustida ovqatlanishayotgan ekan. Kechki ovqat o‘rnida ham nonushtada yeyilgan taomlardan qolgani...

Yotib uxlash uchun karavot, axborot va ko‘ngilochar dasturlardan bahramand bo‘lish uchun televizor yo‘q. Uyda hatto chiroq ham o‘z o‘rnida emas.

Viloyatning bu boradagi mas'ul mutasaddilari esa tumandagi mana shunday sharoitda yashab kelayotgan, ijtimoiy muhofazaga juda muhtoj oilalar ahvolidan bexabar. Xabari bo‘lganlar esa va'da berib ketgan. Ular  hamon kutilmoqda.

Uyning yong‘indan avvalgi holati tasvirlangan suratlar bilan tanishamiz. Yong‘in sodir bo‘lgunga qadar ham nogironligi bo‘lgan oilaga e'tibor risoladagidek bo‘lmagan.

Uyning yong‘indan avvalgi holati tasvirlangan suratlar

Baxtsiz hodisa yuzasidan xabar jurnalistlargacha yetib kelgan. Biroq, MFY raisi oiladan xabar olish uyoqda tursin, uning bu voqeadan xabari bo‘lmagan.

Bolaning akasi (X.R) aytishicha, «MFY raisi 2016 yilda barcha oziq-ovqat mahsulotlari to‘ldirilgan 20-30 kilogrammlik quti keltirib topshirgan, 8 mart bayrami arafasida buvisining plastik kartochkasiga hokimiyat bilan birgalikda 200.000 so‘m miqdorda pul tushirib bergan, 2017 yilda qayta ariza bilan murojaat qilganida, 6 oy davomida moddiy yordam berilgan».

MFY raisi «agar X.R. ariza bilan murojaat qilsa, yana bir marta yordam berishi mumkinligi, nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha ro‘yxatda odam ko‘pligi uchun ro‘yxatdagilarga navbati bilan yordam berib kelinayotgani»ni aytdi.

Lekin nogironligi bo‘lgan shaxslar qog‘oz ko‘tarib MFYga borishi kerak bo‘lsa, ularning nogironligi qayoqda qoladi? Navbatdagilar orasida birinchi galda kim asosiy yordamga muhtoj ekani inobatga olinmaydimi? Yoki ular orasida boshqa uyi yonganlar ham bormikan?

Mavzu yuzasidan Respublika Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qo‘ng‘iroq qilib,  federatsiyaning Sirdaryo viloyatidagi hududiy birlashmasiga qo‘ng‘iroq qilishimiz kerakligini bilib oldik. Biroq, viloyatdagi hududiy birlashmaning mas'ul xodimlarini soat 16:00ga qadar qo‘ng‘iroq qilib ish joyidan topib bo‘lmadi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi bilan ham bog‘landik.

Kengash axborot xizmati boshlig‘i (v.b.) A.Umarova «bu mazmundagi muammolar Kengash rahbariyati tomonidan tuziladigan komissiya ishtirokida baholi qudrat joylarga borib o‘rganilib kelinayotgani, murojaatlar shunchaki qog‘ozda qolib ketmayotgani, bunga rahbariyat tomonidan mas'uliyat bilan yondashib kelinayotganini ma'lum qilib, tez kunda maqola qahramoniga ham yordam berilishi»ni bildirdi.

Maqola qahramoni uyi va undagi jihozlar yonib ketgan uchun yetishmovchiliklar yuzasidan qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rab, ariza bilan murojaat qilishi kerak. Ammo arizasiga kerakli hujjatlarni ilova qilolmaydi – hujjatlar yonib ketgan. Hujjatlarni qayta tiklash uchun oila moddiy ko‘makka muhtoj. Ularning hatto vasiyi ham yo‘q. Oiladagi 18 yoshli X.R.ga «vasiy bo‘lishga yoshlik qilishi, buning uchun avval oila qurishi lozimligi, doimiy ish bilan ta'minlagan bo‘lishi kerak»ligi tushuntirilgan. Qolaversa, hozircha X.R. kollej talabasi, u jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun ko‘proq o‘qishi, yetarlicha bilim olishi shart. Buning uchun esa viloyat mas'ullari uning yosh boshini band etib kelayotgan katta muammolaridan ozod etishlari zarur.

Bolalarning buvisi X.Ye. uy yumushlariga yaramaydi. Uning 2-guruh nogironi bo‘lgan katta o‘g‘li X.S. ham e'tiborga muhtoj.

Xullas, oiladagi mavjud yetishmovchiliklarni o‘rganib chiqib, ular quyidagilardan iborat ekanligini aniqladik:

  1.  Gilam (2ta)
  2.  Televizor (1ta)
  3.  Stol va stullar (1ta)
  4.  Muzlatkich (1ta)
  5.  Karavot (2ta)
  6.  Changyutgich (1ta)
  7.  Kir yuvish mashinasi (1ta )
  8.  Kiyim javoni (1ta)
  9.  Oshxona buyumlari uchun javon (1ta) hamda uy egasi X.R.ga tegishli yongan (1ta) noutbuk.

Shuningdek, hisoblab ko‘rilganda, oilaga tegishli yongan hujjatlar (onasining o‘lim qog‘ozi, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar va nogironliklari to‘g‘risidagi hujjatlar)ni tiklab olish uchun X.R.ga taxminan 300.000 so‘m pul va bundan tashqari yashab turish uchun qo‘shimcha moddiy mablag‘ zarur.

1992 yilda BMT tomonidan nogironlarga oid dolzarb masalalarga jamoatchilik e'tiborini qaratish, shuningdek, ularni ijtimoiy hayotga va rivojlanish jarayonlariga moslashtirish maqsadida 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni, O‘zbekistonda esa «Nogironligi bo‘lgan shaxslar kuni» deb e'lon qilingan. Shunday ekan, yaqinlashib kelayotgan ushbu kun munosabati bilan nafaqat nogironligi bo‘lgan mazkur oila, balki viloyatdagi barcha nogironligi bo‘lgan oilalar qo‘llab-quvvatlansalar, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Tez orada bu muammolarga mavjud qaror va farmonlar doirasida barham beriladi, degan umiddamiz.

Mohichehra Eshmirzayeva

Mavzuga oid