Moliya vazirligi: narxni oshirgan «gaz-zapravka»larga sanksiya qo‘llanishi mumkin
Avtomobillarga gaz quyish kompressor stansiyalari orqali sotilayotgan tabiiy gaz narxlarining tahlili shuni ko‘rsatdiki, joriy yilning 16 noyabridan boshlab ular tomonidan sotiladigan tabiiy gaz narxi 300-400 so‘mga oshdi (1700-1800 so‘mdan 2000-2200 so‘mgacha), deb yozmoqda Moliya vazirligi axborot xizmati.
Vazirlik avtomobillarga gaz quyish kompressor stansiyalari orqali sotiladigan tabiiy gaz narxini oshirish uchun asos yo‘qligini yana bir bor ma'lum qilgan.
Qayd etilishicha, 16 noyabrgacha avtomobillarga gaz quyish kompressor stansiyalariga gaz bir kubometr uchun 789,74 so‘mdan sotilgan (narx tabiiy gaz uchun bir kubometrga 289,74 so‘mlik ulgurji narx va bir kubometrga 500 so‘mlik maxsus investitsion ustama haqidan shakllantirilgan).
2018 yil 16 noyabrdan boshlab narx bir kubometr uchun 800 so‘m miqdorida (QQSni hisobga olgan holda) o‘rnatilgan, ya'ni avval bir kubometrga 500 so‘m darajasida belgilangan maxsus investitsion ustama bekor qilindi va tabiiy gazni sotish narxiga kiritilgan.
Moliya vazirligi fikricha, avtomobillarga gaz quyish kompressor stansiyalari tomonidan narxning 17%ga ko‘tarilishi asossiz hamda agarda narxlar 2018 yil 15 noyabrdagi darajaga tushirilmasa, tegishli sanksiyalarni ko‘rishga majbur bo‘ladi. Jumladan, transport vositalari uchun benzin, dizel yonilg‘isi va gaz iste'moli uchun soliq stavkasini ko‘paytirish orqali noqonuniy yo‘l bilan olinayotgan daromadlarni olib qo‘yish taklifi beriladi yoki boshqa fiskal choralar ko‘riladi.
Xabarda ta'kidlanishicha, hozirgi vaqtda Davlat raqobat qo‘mitasi, «O‘zdavneftgazinspeksiya» va davlat soliq xizmati organlariga qonunchilikda belgilangan tartibda nohalol raqobat faktlarini aniqlash maqsadida avtomobillarga gaz quyish kompressor stansiyalarida narxlar ustidan qat'iy nazorat o‘rnatish bo‘yicha topshiriq berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moliya vazirligi avtomobil gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari tomonidan realizatsiya qilinadigan tabiiy gazning ulgurji narxi oshishi kutilmayotgani haqida ma'lum qilgandi.
Mavzuga oid
13:10
“Bahordan boshlab qishga tayyorlanamiz” – qish qarshisidagi farg‘onaliklar
15:24 / 07.11.2024
Birjaga chiqarilayotgan propanning boshlang‘ich narxiga nisbatan cheklov o‘rnatildi
11:07 / 07.11.2024
Tadbirkorlarga gaz bo‘yicha hisoblangan asossiz 3,7 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi
13:36 / 06.11.2024