Xalq ovozi | 18:40 / 22.11.2018
19181
9 daqiqa o‘qiladi

Urganchdagi tarixiy obida noqonuniy qurilish obekti bilan to‘silmoqda

O‘zbekiston xalqi boy tarixga va madaniy merosga ega. Umummilliy boyligimiz bo‘lmish madaniy meros obektlarini muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish, targ‘ib qilish va boyitib borish borasida mamlakatimizda qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Konventsiya ratifikatsiya qilingan. Bu Konventsiya doirasida Xiva, Buxoro, Samarqand va Shahrisabz shaharlarining tarixiy markazlari YuNeSKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Bundan tashqari, boshqa hududlardagi madaniy meros obektlari ham davlat muhofazasiga olindi. Ularni asrab-avaylash, tarixiy ko‘rinishini saqlab qolish, turistik jozibasini oshirish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Biroq, Urganch shahrida yagona bo‘lgan tarixiy obida «Doshqinjon bobo ziyoratgohi» atrofidagi xunuk holat bu ishlarning aksidir.

«Doshqinjon bobo ziyoratgohi» tarixiy, me'moriy, estetik va ijtimoiy-madaniy qimmatga ega bo‘lgan diniy yodgorlik, Urganch shahridagi yagona tarixiy tabarruk qadamjodir. U 1646-1648 yillarda Yangi Urganch shahri asoschisi Abulg‘oziy Bahodirxon tomonidan barpo qilingan. Keyinchalik, xaroba ahvolga kelib qolgan.

XIX asrda Xiva xoni Olloqulixon uni ta'mirlab, obod qilgan va hozirgi ko‘rinishdagi maqbarani qurdirgan. Ogahiyning «Riyozud-davla» kitobidagi ma'lumotlarga ko‘ra, Doshqinjon bobo maqbarasi Xiva xonining 4ta salobatli maqbara qurish haqidagi buyrug‘iga asosan barpo etilgan (qolganlari Xiva shahrida, Yangiariq tumanida (Ostona (Oq masjid), Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida (Sulton Uvays maqbarasi) qurilgan).

Sho‘rolar davrida maqbara yopilgan va undan 1939 yilgacha qamoqxona sifatida foydalanilgan. 1941-1947 yillar oralig‘ida u qaytadan ochilgan va Oltin Meros jamiyatiga berilgan, 1980 yilda ta'mirlanib, arxivga aylantirilgan. 1991 yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga o‘tkazilgan.

2005 yilda Ma'mun akademiyasining 1000 yilligi nishonlanishi munosabati bilan qayta ta'mirlanib, obod qilingan. Ayni paytda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi idorasi va ziyoratgoh sifatida foydalanilmoqda.

2018 yil oktabr oyida «Doshqinjon bobo ziyoratgohi» oldida qurilish ishlari boshlab yuborildi. Hozirgi kunda uning oldida katta chuqur qazilib, poydevor qilinganini va bu hudud to‘sib qo‘yilganini ko‘rish mumkin. Bunda qurilish ishlarini kim olib borayotgani va nima qurilayotgani haqida hech qanday ma'lumot ko‘rsatilmagan.

Qurilish ishlari olib borilayotgan hudud bilan maqbara orasidagi masofa 50 metrdan kamroq. Agar bu yerga qandaydir bino barpo qilinadigan bo‘lsa, u tarixiy obidani to‘liq to‘sib turadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi huquqshunosi Baxtiyor Jumaniyazov biz bilan suhbatda bu masala bo‘yicha o‘z fikrlarini aytdi.

«Doshqinjon bobo ziyoratgohi» nafaqat Xorazmda, balki butun O‘zbekistonda, hatto yaqin xorijda ham mashhur qadamjolardan biridir. Bu yerga Turkmaniston Respublikasining Dosho‘g‘iz, Chorjo‘y viloyatlaridan, Qoraqalpog‘istonning Beruniy, To‘rtko‘l, Amudaryo tumanlaridan, Buxoro viloyati va Toshkent viloyatlaridan sayyohlar, ziyoratchilar kelishadi.

Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlariga borib, tarixiy obidalarni ko‘rganmiz. Ularning oldiga qurilgan birorta bino yoki do‘kon yo‘q. Ziyoratgohimiz yonida esa qurilish boshlanib ketgan. Bu oldin avtomobillar turadigan joy edi. Sayyohlar va ziyoratchilar uchun qulay edi. Chunki yo‘l yoqasida avtomobilni qo‘yish taqiqlangani bois, shu yerda avtomobilini qo‘yib, ziyoratgohni tomosha qilishardi. Endi esa bu qurilish boshlanib ketgan, nima deyishga ham hayronmiz», - dedi Jumaniyazov.

Xorazm viloyati bosh imom xatibi Xayrulla Abdullayev tarixiy obida oldi to‘sib qo‘yilishidan ziyoratchilar ham norozi bo‘layotganini aytdi.

«Doshqinjon bobo ziyoratgohi» oldidagi qurilishni kutubxona deb eshitdik. Ammo, poydevoridan kutubxonaga o‘xshamayapti. Odamlar «kutubxona quraman, guzar quraman», deb yer olib, uni turarjoyga aylantirib yuborganini avval ham eshitganmiz. Albatta bu narsa bizni xavotirga soladi.

Biz Urganch shahri hokimiyatidan sayyohlar va ziyoratchilarga qulay bo‘lishi uchun mana shu joyga kichik avtoturargoh qilib berishni so‘rab, xat yozgan edik, ammo haligacha javob olmadik. O‘sha yerda esa qurilish ishlari boshlab yuborildi.

Bu borada mutasaddi tashkilot rahbarlariga ham shikoyat qilganmiz. Ziyoratgohning oldi to‘silib qolishi, tarixiy madaniy meros obekti atrofining ko‘rinishiga, jozibasiga salbiy ta'sir qilishi haqida aytganmiz. Bu holatdan biz ham, ziyoratchilar ham norozi bo‘lmoqda», - dedi Xayrulla Abdullayev.

Darhaqiqat, har qanday tarixiy madaniy meros obekti atrofi ma'lum bir hudud bilan ihotalanadi. Chunki u uzoqdan ko‘zga tashlanib turishi, o‘z jozibasi bilan sayyohlar e'tiborini tortishi, shaharga ko‘rk berishi kerak.

«Doshqinjon bobo ziyoratgohi» oldidagi qurilish masalasi bo‘yicha Urganch shahar hokimi Odilbek Sapayevdan izoh oldik.

«Avvalo, Urganch shahri Tinchlik ko‘chasidagi bu qurilish o‘rni «Doshqinjon bobo ziyoratgohi» hududiga kirmaydi. Bu yerda yoshlar uchun ikki qavatli kutubxona barpo qilinadi. Buni Urganch shahri bosh rejasiga kiritish bo‘yicha «O‘zshaharsozlik LITI»ning ijobiy xulosasini olganmiz. Masala barcha mutasaddi tashkilotlar bilan kelishilgan.

Shundan so‘ng, bu yer tadbirkorga berildi. U kutubxona qurish majburiyatini olgan. Bu qurilish jarayonida «Doshqinjon bobo ziyoratgohi»ning bir dona cho‘piga ham zarar yetmaydi. Hamma ish qonun doirasida qilinmoqda. Ammo hozirda qurilish ishlari to‘xtatib qo‘yilgan», - dedi Odilbek Sapayev.

Xorazm viloyati Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi Urganch shahar hokimiga 2017 yil 14 iyun kuni 522-sonli xulosani bergan. Unda Urganch shahri, Tinchlik ko‘chasida 2 qavatli «Kamolot kitob do‘koni» qurilishi GUP «O‘zshaharsozlik LITI» №1-10/2138 xulosasi asosida kelishib olingani ko‘rsatilgan.

Darhaqiqat, Tinchlik ko‘chasida barpo qilinayotgan kutubxona binosi «Doshqinjon bobo ziyoratgohi» hududiga kirmaydi, uning chegarasini buzmaydi. Ammo, madaniy meros obektlarining nafaqat hududi, balki tutash hududlar ham qonun asosida davlat nazoratiga olingan.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining «Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunida (2001 yil 30 avgust, 269-II-son) aniq belgilab qo‘yilgan.

Qonunning 24-moddasida moddiy madaniy meros obektlari joylashgan yerlarda hamda ularga tutash hududlarda yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya, xo‘jalik ishlari va boshqa ishlarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining ruxsatnomasini olish shartligi belgilab qo‘yilgan.

Ya'ni, nafaqat madaniy meros obektlari joylashgan yerda, balki unga tutash bo‘lgan hududlarda ham qurilish ishlarini olib borish uchun Madaniyat vazirligining ruxsati bo‘lishi shart. Aniqlashimizcha, «Doshqinjon bobo ziyoratgohi» atrofidagi qurilish ishlarini boshlash uchun Madaniyat vazirligidan hech qanday ruxsatnoma olinmagan. Natijada, umummilliy boyligimiz bo‘lmish bir necha asrlik madaniy meros obektini muhofaza qilishga e'tibor susaytirilgan.

Qonunga ko‘ra, nafaqat tarixiy obidalar joylashgan yer, balki ularga tutash bo‘lgan hududlar ham jiddiy nazorat qilinishi kerak. Madaniy meros obektlarini to‘sib qo‘yadigan, ularning ko‘rki, chiroyiga putur yetkazadigan bino va inshootlarning qurilishiga, obida atrofini xunuk holatga kelib qolishiga, o‘ziga xos tarixiy muhitning buzilib ketishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Tarixiy obidalarning to‘sib qo‘yilishi, ularning e'tibordan chetda qolishiga, asta-sekin unutilishiga, keyinchalik esa xarobaga aylanib, umuman yo‘qolib ketishiga olib kelishi ham mumkin. Buni tarix sahifalarida o‘qiganmiz, hayotda kuzatganmiz.

«Doshqinjon bobo ziyoratgohi» atrofidagi qurilish ishlari to‘xtatilishi, to‘siqlar olib tashlanishi, tutash hududning avvalgi holati zudlik bilan tiklanishi, uning turistik salohiyati, ko‘rki o‘z holiga qaytarilishi shart. Bu ajdodlarimiz, zamondoshlarimiz va keyingi avlodlar oldidagi ma'naviy burchimizdir.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid