O‘zbekiston xalqi boy tarixga va madaniy merosga ega. Umummilliy boyligimiz bo‘lmish madaniy meros obektlarini muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish, targ‘ib qilish va boyitib borish borasida mamlakatimizda qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Konventsiya ratifikatsiya qilingan. Bu Konventsiya doirasida Xiva, Buxoro, Samarqand va Shahrisabz shaharlarining tarixiy markazlari YuNeSKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Bundan tashqari, boshqa hududlardagi madaniy meros obektlari ham davlat muhofazasiga olindi. Ularni asrab-avaylash, tarixiy ko‘rinishini saqlab qolish, turistik jozibasini oshirish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Biroq, Urganch shahrida yagona bo‘lgan tarixiy obida «Doshqinjon bobo ziyoratgohi» atrofidagi xunuk holat bu ishlarning aksidir.

«Doshqinjon bobo ziyoratgohi» tarixiy, me'moriy, estetik va ijtimoiy-madaniy qimmatga ega bo‘lgan diniy yodgorlik, Urganch shahridagi yagona tarixiy tabarruk qadamjodir. U 1646-1648 yillarda Yangi Urganch shahri asoschisi Abulg‘oziy Bahodirxon tomonidan barpo qilingan. Keyinchalik, xaroba ahvolga kelib qolgan.

XIX asrda Xiva xoni Olloqulixon uni ta'mirlab, obod qilgan va hozirgi ko‘rinishdagi maqbarani qurdirgan. Ogahiyning «Riyozud-davla» kitobidagi ma'lumotlarga ko‘ra, Doshqinjon bobo maqbarasi Xiva xonining 4ta salobatli maqbara qurish haqidagi buyrug‘iga asosan barpo etilgan (qolganlari Xiva shahrida, Yangiariq tumanida (Ostona (Oq masjid), Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida (Sulton Uvays maqbarasi) qurilgan).

Sho‘rolar davrida maqbara yopilgan va undan 1939 yilgacha qamoqxona sifatida foydalanilgan. 1941-1947 yillar oralig‘ida u qaytadan ochilgan va Oltin Meros jamiyatiga berilgan, 1980 yilda ta'mirlanib, arxivga aylantirilgan. 1991 yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga o‘tkazilgan.

2005 yilda Ma'mun akademiyasining 1000 yilligi nishonlanishi munosabati bilan qayta ta'mirlanib, obod qilingan. Ayni paytda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi idorasi va ziyoratgoh sifatida foydalanilmoqda.