Jamiyat | 21:00 / 27.11.2018
176525
3 daqiqa o‘qiladi

Murod Xonto‘rayevning ofisiga hujum videolari tarqaldi

Internetda MMA jangchisi Murod Xonto‘rayevning ofisiga uyushtirilgan hujumga oid videolar tarqaldi.

26 noyabr kuni soat taxminan 14:30lar atrofida Toshkentdagi «Toshkent savdo markazi» (sobiq «Turkuaz») yaqinida Xonto‘rayevning ofisiga armatura va dubinkalar (rezina tayoqlar) bilan qurollangan, qora kiyim kiygan va niqob taqqan shaxslar hujum qilgan.

Kuzatuv kameralariga muhrlangan tasvirlarda ko‘rish mumkinki, bino qarshisidagi avtoturargohda oq Cobalt  va qora Lacetti to‘xtaydi va undan 10 kishi tushib, ichkariga otiladi.

Ikkinchi kadr bino ichkarisida olingan bo‘lib, unda ichkaridagilar hujum qiluvchilardan qochayotgani tasvirlangan.

Ma'lum bo‘lishicha, Xonto‘rayev va ofisda bo‘lgan sheriklari avvaliga bostirib kelganlarni «davlat idorasi xodimlari» deb o‘ylashgan.

Bostirib keluvchilar Murod Xonto‘rayev (1987 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan) va Ikrom Saidovni (1988 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan) o‘tkir tig‘li jismlar, armatura bo‘laklari, dubinkalar va pnevmatik o‘qotar qurollardan foydalanib do‘pposlashgan.

Voqea joyida bo‘lgan Xonto‘rayevning boshqa bir tanishi Anvar Rahimov (1984 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan) hujumdan qutulib qolgan.

Voqea yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tayyorlangan va surati internetda tarqalgan ma'lumotnomaga ko‘ra, Xonto‘rayev «bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, bosh o‘ng tepa sohasi ezilib yorilgan jarohati, o‘ng son, dumba sohasi ko‘plab sanchilib kesilgan jarohatlari (9 ta), ikkala ko‘krak usti sohasi sidirilgan jarohati, chap tirsak sohasi kesilgan jarohat» tashxisi bilan 1-shahar kasalxonasiga yotqizilgan.

Ayni vaqtda sportchiga hujum qilganlarning shaxsi hali aniqlanmadi. Shu bilan birga, ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b», «v» bandlari («bir guruh shaxslar tomonidan sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) qo‘llab bezorilik sodir etish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan (bu modda bo‘yicha aybdor deb topilganlar uch yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin). 

Hozircha na Ichki ishlar vazirligi va na prokuratura Xonto‘rayev ishi yuzasidan rasmiy axborot bermadi.

Mavzuga oid