Jahon | 13:59 / 06.12.2018
24570
3 daqiqa o‘qiladi

Marhum Turkmanboshining oilasi Berlin sayyohlik hududida binolar qurmoqchi

Saparmurod Niyozov

Turkmaniston marhum prezidenti Saparmurod Niyozovning oila a'zolari Trockland Group developerlik kompaniyalari guruhida aksiyalarga ega va Berlindagi Checkpoint Charlie yonida bir necha komplekslar qurmoqchi, deb xabar qilmoqda Der Tagesspiegel gazetasi.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, 2006 yilda vafot etgan Turkmanboshining bevasi, qizi va nabirasi alohida kompaniyalar aksiyalariga egalik qiladi. Uning kuyovi Vladimir Sokolov esa muqaddam Trockland Group’ga xususiy shaxs sifatida investitsiya kiritgan, 2014 yilda Rossiyaning VTB Kapital banki vitse-prezidenti lavozimini tark etib, kompaniyaga sherik sifatida qo‘shilishga qaror qildi. Hozir u Trockland Group vitse-prezidenti sanaladi hamda kompaniyaning ko‘p millionli sarmoyalari uchun mas'ul.

Ta'kidlanishicha, sobiq prezidentning bevasi Muza Niyozova Trockland XI Charlie GmbH kompaniyasi ulushiga egalik qiladi, uni o‘z kuyovi Sokolovdan sovg‘a sifatida olgan. Shuningdek, u o‘zi hamda boshqa aksiyadorlar aksiyalarini sotib yubormaguncha, Pankov tumanidagi Dantsinger Shtrasseda «Paragon Appartements» qurilishi uchun mas'ul bo‘lgan kompaniya aksiyalariga egalik qilgan. Rasmiy hujjatlarga ko‘ra, Niyozovning bevasi Moskvada yashaydi, u Niyozov o‘limidan ancha oldin u yerga ko‘chib o‘tgan hamda Turkmanistonga kam borgan.

Irina Niyozovaning qizi Trockland VII Herzbergstraße kompaniyasida ishtirok etadi, uning aksiyalarini onasidan sovg‘a sifatida olgan. U turmush o‘rtog‘i va qizi Yekaterina bilan Londonda ro‘yxatdan o‘tgan. O‘z navbatida, Yekaterina Trockland Group kompaniyasi bir qismi bo‘lgan Trockland VI Klosterstrasse 62 firmasidagi ulushga ham ega. 

Maqolaga ko‘ra, kompaniya sovuq urushi davrida Berlin devori o‘tgan va shaharning sharqiy hamda g‘arbiy qismlari o‘rtasida o‘tkazish punkti bo‘lgan joy - Checkpoint Charlie’da binolar, kvartiralar, Hard Rock mehmonxonasi va muzey joylashgan ikkita katta kompleks qurishni rejalashtirilgan. Bugungi kunda bu tuman Germaniya poytaxtining eng qimmat tumanlaridan biri sanaladi.

Mavzuga oid