Jahon | 12:17 / 11.12.2018
8140
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyaning gastronomik turizmdan daromadi 5 mlrd dollarni tashkil etadi

Foto: Anadolu

Turkiya - gastronomik turizm bo‘yicha katta salohiyatga ega bo‘lgan oz sonli mamlakatlardan biri, dedi ushbu davlat madaniyat va turizm vaziri Mahmud Nuri Ersoy «Anadolu» agentligiga.

Vazirning eslatishicha, G‘aziantep va Xatay turk provinsiyalari YuNESKOning ijodiy shaharlar Tarmog‘iga kiritilgan.

«2018 yil yakunlari bo‘yicha Turkiyaning mehmonxona sektori daromadlari 10 milliardni tashkil etadi, gastronomik turizmdan esa 5 milliard dollarga baholanmoqda. Bu raqamlar gastronomik turizm salohiyatini ochish va kengaytirish kerakligini ko‘rsatadi. Garchi Turkiya gastronomiya va milliy taomlar jihatidan raqobatchilarni ortda qoldirsa ham, afsuski, bu raqamlarda aks etmayapti», - dedi Ersoy.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, turk oshxonasi butun dunyo bo‘ylab mashhur bo‘lib, mintaqaga qarab mamlakat bo‘ylab o‘zgarib boradi, bu juda muhimdir.

«Turkiyaning har bir mintaqasi milliy taomlarni tayyorlashda o‘ziga xos xususiyatlar va qadimgi an'analarga ega. Turkiya dunyoda o‘z oshxonasini targ‘ib qilish va shu bilan birga, gastronomik turizmdan daromad olish uchun harakat qilmoqda. Turkiya Turizm va madaniyat vazirligi bu yo‘nalishda jiddiy ish olib boryapti», - deya qayd etib o‘tdi Ersoy.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 2019 yilda vazirlikning sa'y-harakatlari Turkiyada gastronomik turizmni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

«Kelgusi yilning mart oyidan boshlab xorijda gastronomik ko‘rgazmalar tashkil etiladi. Ko‘rgazmalar Yaponiyada bo‘lib o‘tadi: Tokio va Kioto. London, Berlin va Moskvadagi ko‘rgazmalar 2020 yilga mo‘ljallangan», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid