Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Samarqand markazidagi maktab mutasaddilar e'tiboridan chetdami?
Kun.uz saytida mamlakatimizdagi ta'lim tizimidagi muammolar atroflicha o‘rganilib, muntazam yoritib kelinadi. Ayniqsa, kuz-qish mavsumida bu kabi murojaatlar yanada ko‘payadi.
Tahririyatga Samarqand shahridagi 17-umumiy o‘rta ta'lim maktabidagi muammolar yuzasidan kelib tushgan murojaat ham aynan shu mavzuda.

«Farzandim Samarqand shahridagi 17-umumiy o‘rta ta'lim maktabida tahsil oladi. Maktab achinarli ahvolda. Hojatxona va oshxonaga qarab bo‘lmaydi. Sinfxonalar sovuq, isitish tizimi ishlamaydi. Maktabni tozalaydigan farroshlar uchun ham o‘quvchilarning ota-onalaridan pul yig‘iladi. Sinfxonalar pollarini bo‘yash uchun ham pul yig‘ib olishdi. Hamma muammolar ota-onalar hisobidan hal qilinyapti», – deyiladi murojaatda.
Murojaat joyida o‘rganildi.
Ma'lum bo‘lishicha, ushbu maktabda ayni vaqtda 2700 nafardan ziyod o‘quvchi ta'lim olib kelmoqda. Maktabga sobiq Samarqand qishloq xo‘jalik instituti (ayni vaqtda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti) qoshidagi 2-sonli akademik litseyi tugatilib, binosi 2018 yil avgust oyida maktabga vaqtinchalik foydalanish uchun berilgan. Ushbu litsey binosida joriy yilgi o‘quv yilida maktab filiali faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Maktab sig‘imi filiali bilan birgalikda hisoblaganda 900 nafardan ziyod o‘quvchi o‘rnini tashkil qiladi. Ammo hozirda maktabda yuqorida aytilganidek, 2700 nafardan ziyod, ya'ni mo‘ljallanganidan 3 barobar ko‘p o‘quvchi ta'lim olmoqda. Darslar ikki navbatda tashkil etilgan. Maktabning asosiy binosida 2 500 nafarga yaqin, filialida esa 300 nafardan ziyod o‘quvchi ta'lim olib kelmoqda.
«Bildirilgan e'tirozlar maktabimizning asosiy binosidagi holatlar bo‘yicha emas, balki maktabimiz filialidagi kamchiliklar yuzasidandir. Litsey binosi joriy yilning avgust oyida maktabimizga vaqtinchalik foydalanishga berildi. U yerda boshlang‘ich sinflar uchun filial tashkil etilgan. U yerda 11ta boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta'lim olmoqda. Bino maktabga vaqtinchalik foydalanishga berilganda juda abgor holatda edi. O‘quv jarayoniga bosqima-bosqich moslashtiryapmiz. Qisqa muddatda barcha muammolarni hal qilish imkonsiz», – deydi maktab direktori Dilfuza Husanova.
Maktabning asosiy va filial binolarini o‘quv ishlari bo‘yicha maktab direktori o‘rinbosari Orif Murodov bilan birga ko‘zdan kechirdik.
Asosiy binoda qozonxona mavjud, isitish tizimi normal holatda ishlamoqda. Oshxona va hojatxonalar sanitariya me'yorlariga to‘liq javob beradi. Biroq maktabning asosiy binosidagi sport zali belgilangan talablarga to‘liq javob bermaydi. Ta'mirtalab, zamonaviy jihozlanishga muhtoj va tom qismida ta'bni xira qiladigan kattagina o‘yiqlar bor.


Boshlang‘ich sinflar o‘quvchilari ta'lim oladigan maktab filialidagi holatlar esa havas qilgulik emas. Murojaatda aytilganidek, isitish tizimi umuman ishlamaydi, oshxonasi ham belgilangan talablarga javob bermaydi. Sport zali uchun ajratilgan joy jihozlanmagan.

Sinfxonalarga isitish uchun elektr pechlar qo‘yilgan.


«Haqiqatan maktab filialida isitish tizimi muammo. Yaqinda maktabimizga vaqtinchalik foydalanishga berilgan ushbu binodagi ko‘p muammolarni hal qildik. O‘quvchilar ota-onalari o‘z tashabbuslari bilan, farzandlarining sog‘liklarini o‘ylab, elektr pechlar olib bergan. Sinfxonalarni shu tarzda isityapmiz. Hozirda isitish tizimini ta'mirlash uchun ham ota-onalarning o‘zi tashabbus ko‘rsatyapti. Shikoyatda aytilgan farroshlar uchun ota-onalardan pul yig‘ilish ota-onalar yig‘ilishida taklif sifatida o‘rtaga tashlangan. Bir nafar farrosh ishlaydi. Ayrim ota-onalar farroshning mehnat ko‘lami katta, bir nafar farroshga og‘irlik qiladi, oladigan oylik maoshi kam, shuning uchun qo‘shimcha pul yig‘ib beramiz, deyishgan. Ammo biz ularga pul yig‘inglar, demaganmiz», – deydi filialga mas'ul bo‘lgan maktab direktori o‘rinbosari Muhabbat Namozova.
Haqiqatan ham o‘rganish davomida maktab filialiga isitish tizimini o‘rnatish uchun yelib-yugurayotgan ota-onalarga ham guvoh bo‘ldik.
«Hammasini davlat qilib bersin, deb jim qarab, kutib turolmaymiz. Shuning uchun o‘zimiz harakat qilyapmiz. Mana, hozir yana zarur jihozlarni olib kelyapman. Bu masala ota-onalar yig‘ilishida kelishilgan, ammo hammasi rozi bo‘lib, yana shikoyat qilishganiga, ochig‘i, tushunmadim», – deydi farzandi 1 sinfda ta'lim olayotgan Shavkat Gulyamov.

Maktab filiali oshxonasini ko‘zdan kechirganimizda, bu joyda filialda ta'lim olayotgan 300 nafardan ziyod o‘quvchi uchun yetarli sharoit yaratilmaganining guvohi bo‘ldik. Oshxonada hatto muzlatkich ham yo‘q.


«Yaqinda ish boshladik. Yetarli jihozlar yo‘q. Imkon darajasida ish yurityapmiz. Hozircha o‘quvchilar uchun faqat «perashka» pishiramiz, o‘qituvchilar talabiga ko‘ra, taom tayyorlaymiz», – deydi oshpaz Muhabbat Husanova.
Maktab mutasaddilarining fikricha, maktab filiali uchun vaqtincha foydalanishga berilgan litsey binosi ularga to‘liq ajratilishi so‘roq ostida va bu borada hali yakuniy yechim yo‘q. Agar hujjatlar to‘liq rasmiylashtirilsa, kamchiliklar kelgusida bosqima-bosqich hal etiladi.
Ammo ayni vaqtda maktab filiali o‘quvchilari yetarli sharoitda ta'lim olmayotgani va shikoyatda keltirilgan ayrim e'tirozlar o‘z tasdig‘ini topgani bor gap. Bu kabi muammolarni hal etish yuzasidan Samarqand shahar mutasaddilari, ta'lim tizimi mas'ullari zarur chora-tadbirlarni ko‘rishi lozim. Barcha muammolar yechimi ota-onalar zimmasiga qolishi ham to‘g‘ri emas. Bu holat yuqoridagi kabi shikoyatu e'tirozlarni ko‘paytirsa ko‘paytiradiki, ammo kamaytirmaydi.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
23:04 / 13.06.2026
Samarqandda Rossiyada ishlashni rejalashtirayotgan fuqarolar uchun test markazi ochiladi
10:50 / 12.06.2026
Samarqandning olis tumanlariga investitsiyalar jalb etiladi
17:46 / 10.06.2026
Samarqand tumanlari qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va qayta ishlash sanoatiga ixtisoslashgan hudud sifatida rivojlantiriladi
17:45 / 05.06.2026