O‘zbekiston | 16:32 / 15.12.2018
13724
3 daqiqa o‘qiladi

Senatorlar bosh vazir o‘rinbosariga ham parlament so‘rovi jo‘natadi

Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida imkoniyati cheklangan yoshlarning ta'lim olishi uchun sharoitlarning yetarli emasligi muammosi ko‘tarildi va ayni masalada Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovga parlament so‘rovi jo‘natish bo‘yicha qaror qabul qilindi. 

Aziz Abduhakimov
Foto: Xalqaro press-klub

Senatorlar imkoniyati cheklangan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, «Ta'lim to‘g‘risida»gi, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan bilim olish huquqlaridan to‘liq foydalana olmayotganiga e'tibor qaratishdi.

«Mening ko‘zim ojiz emas, hech kimdan kam joyim ham yo‘q...»

Senat a'zolari respublikada yagona Brayl alifbosidagi bosmaxona imkoniyatlari mamlakat bo‘yicha ko‘zi ojizlarning ehtiyojlarini qamrab ololmayotgani, imkoniyati cheklangan yoshlarning o‘zini jamiyatning to‘laqonli a'zosi deya hisoblashlari uchun yetarli shart-sharoitlarning yo‘qligi va surdo tarjimonlari maktablarining mavjud emasligiga ham to‘xtalib o‘tishdi.

Shu tufayli Oliy Majlis Senati O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimovga imkoniyati cheklangan yoshlarning ta'lim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan parlament so‘rovi yuborishni ma'qullashdi.

Avvalroq respublika bo‘ylab 3000 nafar bola ko‘zi ojizlar uchun maxsus maktablarda risoladagidek ta'lim ololmayotgani aytilgan edi.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ko‘zi ojizlar uchun maxsus kitoblar faqat bir dona bosmaxonada chop etiladi, u ham ma'naviy va moddiy jihatdan eskirgan. Bosmaxonada yiliga bor-yo‘g‘i 18 turda darsliklar chop etilmoqda. Vaholanki, ko‘zi ojizlar maxsus maktabi uchun yana 48 tur darslik yetishmaydi. Bu yerda gap o‘rta ma'lumotning asosi hisoblanuvchi, lekin ko‘zi ojiz bolalar uchun chop etilmayotgan matematika, fizika, kimyo kabi fanlar haqida ketmoqda.

Taqqoslash uchun, umumiy o‘rta maktablarda bolalar butun maktab davri mobaynida 134ga yaqin darsliklardan ta'lim olishadi. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta imkoniyati cheklangan shaxslar uchun respublika ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari prezidentning tegishli farmoni bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibidan yangi tashkil etilayotgan Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligiga o‘tkazilishi belgilangan edi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid