Fan-texnika | 00:16 / 16.12.2018
12364
4 daqiqa o‘qiladi

Virgin Galactic kosmoplani ilk marta “kosmik balandlik”ka erishdi

Amerikaning Virgin Galactic xususiy kosmik kompaniyasi SpaceShipTwo turistik suborbital kosmik apparatining navbatdagi sinovini o‘tkazdi va darhol kosmik balandlik chegarasiga yetdi.

Foto: twitter.com/virgingalactic

Kompaniyadagilar ilgariroq bunday balandlik sifatida AQSh HHK singari Yer sirtidan 80 kilometr yuksaklikni tushunishini e'lon qilgandi. Kosmoplan 82,7 km balandlikkacha chiqdi va yana yerga qaytib qo‘ndi. Kompaniya parvozning muvaffaqiyatli amalga oshirilganini “Tvitter” orqali xabar berdi.

SpaceShipTwo kosmik apparatini WhiteKnightTwo samolyot tashuvchisi havoga ko‘tardi. Xuddi oldingilari singari parvoz Kaliforniya shtatidagi Moxvaye cho‘lidagi aerodromdan amalga oshirildi.

14 kilometr balandlikka chiqqan samolyot kosmoplanni qo‘yib yuborgan, u esa raketa dvigatelini ishga solib, tezlantiruvchining 42 soniyalik ishidan so‘ng stratosferadan mezosferaga o‘tgan va qariyb 83 km balandlikka erishgan. Kompaniyaning qo‘shimcha qilishicha, SpaceShipTwo tovush tezligini 2,9 marta ortda qoldirgan. 

Parvozlar uchun mezosfera o‘ziga xos “o‘lik zona” hisoblanadi — bu yerda havo samolyotlar yoki aerostatlarning parvozini ta'minlash uchun siyraklik qiladi (50 km balandlikda havo zichligi dengiz sathidagidan 1000 barobar kamroq) bir vaqtning o‘zida bunday past orbitada sun'iy yo‘ldoshlar uchirish uchun zich hisoblanadi.

Parvozdan bir necha daqiqa o‘tgach mezosferada SpaceShipTwo sekin-asta pasaya boshlagan va alal-oqibat Moxave cho‘lidagi o‘sha aeroportga qo‘ngan.

Virgin Galactic kompaniyasi xo‘jayini britaniyalik milliarder Richard Brenson ham sinovlardan shaxsan qatnashgan. Parvoz muvaffaqiyatli amalga oshirilgach, u SpaceShipTwoʻning bortiga yo‘lovchilarni olgan ilk turistik parvozi 2019 yilning martida amalga oshirilishini aytib o‘tgan. Brensonning o‘zi ham bu yo‘lovchilardan biri bo‘lishiga alohida urg‘u bergan.

SpaceShipTwo kosmik apparati aynan turistik maqsadlarda ishlab chiqilgan. Vaznsizlik holatini his qilish va Yer kurrasini 100 km balandlikdan turib tomosha qilish imkonini beruvchi parvoz turistlar uchun 250 ming dollarga tushadi. Kosmik kema o‘z bortiga ikki uchuvchi va olti nafar kosmik turistni oladi. Yerni 100 km balandlikdan turib tomosha qilishni istovchilar ko‘p ekan — kompaniya allaqachon yuzlab chiptalarni sotishga ulgurgan.

Mavzuga oid