Jahon | 10:55 / 21.12.2018
9383
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kongressi «Tramp devori»ga olti milliard dollar sarflashga qaror qildi

Foto: Tomas Bravo / Reuters / Scanpix / LETA

AQSh Kongressining vakillar palatasi Meksika bilan chegarada devor qurish uchun 5,7 milliard dollar ajratilishini ma'qulladi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.

Rezolyutsiyani 217 nafar kongressmen qo‘llab-quvvatladi, 185 nafari qarshi ovoz berdi. Endi qonun loyihasini AQSh Senati ko‘rib chiqishi kerak, undan so‘ng hujjat imzolash uchun prezident Donald Trampga yuboriladi.

AQSh Demokratik partiyasi a'zolari devor qurilishiga qarshi chiqishmoqda va qonun loyihasini bloklash uchun Senatda yetarlicha ovozga ega ekanliklarini bildirishmoqda. O‘z navbatida, Trampning ma'lum qilishicha, agar hujjatda devor qurilishiga xarajatlar nazarda tutilmasa, uni imzolashdan bosh tortadi.

Iyul oyida Tramp AQSh hukumati ishini to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi. O‘shanda bu agar demokratlar devor qurilishini o‘z ichiga oladigan, chegarani qo‘riqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashmasa, yuz berishi aytilgandi.

AQSh va Meksika chegarasida devor qurish Tramp saylovoldi kampaniyasidagi va'dalardan biri edi. 2017 yilning yanvarida prezident etib saylanganidan keyin, u ikkita farmonni imzoladi: devor qurilishini nazarda tutuvchi, davlat chegarasini qo‘riqlash haqida va immigratsiya to‘g‘risida. Avgust oyi boshida Amerika yetakchisi devorning katta qismini qurish haqida topshiriq bergani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Meksika bilan chegarada «badiiy bezak qilingan» devorni va'da qilgandi.

Mavzuga oid