O‘zbekiston | 20:46 / 27.12.2018
12253
3 daqiqa o‘qiladi

FVV: 1 yilda 15680 bosh qarovsiz it yo‘q qilingan​

2018 yil davomida Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Davlat veterinariya qo‘mitasi, mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda qarovsiz hayvonlarni tutish bo‘yicha 5118ta reyd o‘tkazilib, 15680 bosh qarovsiz it yo‘q qilingan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Tibbiy-biologik bo‘limi boshlig‘i Abdsami Ahmatov Kun.uz'ga ma'lum qilgan.

Vazirlik vakilining aytishicha, joriy yilda it saqlash qoidalarini buzgan 178 nafar fuqaroga nisbatan ma'muriy jarimalar qo‘llanilib, 15,5 million so‘m jarimalar undirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 iyuldagi «Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 202-sonli qaroriga asosan 2011 yil 1 avgustdan boshlab shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari huzurida qarovsiz hayvonlarni tutish bo‘limlarini tashkil etilgandi. 

Bo‘lim xodimlari ko‘chada qarovsiz qolgan hayvonni (ko‘p hollarda bu mushuk yoki it) belgilangan tartibga ko‘ra, 5 kun maxsus qafasda saqlab turadi. Hayvonning egasi qidiruv e'lon qilib, qafasdagi hayvonga hech kim da'vo qilmasa, qarovsiz jonivor uxlatish yo‘li bilan yo‘q qilinadi. 

Toshkent shahri misolida, ayni paytda Obodonlashtirish bosh boshqarmasi huzuridagi qarovsiz hayvonlarni tutish bo‘limida 39 xodim, jumladan shifokor, dispetcher, mexanik, it tutuvchi maxsus xodimlar faoliyat yuritmoqda.  

«1 kunda ushlab keltirilgan qarovsiz itlar 25-30 boshga yetib qoladi. Ularning ayrimlari zotdor, yaxshi parvarishlangan bo‘ladi. Shunday hayvonlarni markazimizda 15 kungacha saqlab turamiz. Quturgan, odamga tashlangan itlar esa yo‘q qilinadi», - deydi bo‘lim xodimi.

Jurnalist Nargis Qosimova ushbu holatdan norozi, u qarovsiz hayvonlarni o‘ldirish odamiylikka to‘g‘ri kelmasligi, bu holatga qonun bilan chek qo‘yilishi tarafdori. Jurnalist hayvon egasiz qolgan bo‘lsa-da, jonzotni jismonan yo‘q qilish, unga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, deb biladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasida aynan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan shaxsga jazo qo‘llanishi yozilgan. 

«Mening fikrim» portaliga petitsiya murojaatini joylashtirgan Alan Ponomaryov «qonun odamiylik madaniyati va hayvonlarga bo‘lgan munosabat uchun javobgarlik» hisini oshirishi lozim, deb hisoblaydi. Shu tufayli u hayvonlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Parlamentga murojaat etgan. Petitsiyani Oliy Majlis deputatlari ko‘rib chiqishi uchun 10 mingdan ortiq kishi qo‘llab-quvvatlagan.

Mavzuga oid