O‘zbekiston | 20:56 / 31.12.2018
41011
3 daqiqa o‘qiladi

​Xushxabar: Farg‘ona vodiysida gaz ta'minoti yaxshilanadi

Foto: KUN.UZ

Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatining minglab aholisi 2019 yilni issiq xonadonlarda kutib oladi, deb xabar bermoqda «O‘ztransgaz»​ AJ raisi Bahodir Eshmuratov.

Bir necha yildan beri kuz-qish davrida, ayniqsa havo harorati pasayganda, tabiiy gaz bosimining tushib ketishi yoki umuman tabiiy gaz bo‘lmasligi, ayniqsa vodiy viloyatlari aholisining jiddiy tashvishiga aylangandi. Bu masala aholining jiddiy e'tirozlariga sabab bo‘lib, ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalar markazida bo‘lmoqda.

«Ushbu muammoni hal etish, odamlarga munosib turmush sharoitlari yaratib berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining «KazTransGaz» kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazilib, uning natijasi o‘laroq Farg‘ona vodiysi iste'molchilarini bir maromda va barqaror tabiiy gaz bilan ta'minlash bo‘yicha muhim kelishuv imzolandi», - deya xabar berilmoqda.

Bugun, 31 dekabr kunidan e'tiboran kelishuvga asosan Farg‘ona vodiysi iste'molchilariga gaz yetkazib berish boshlandi. 

«Yangi 2019 yil Farg‘ona vodiysi iste'molchilari uchun qutlug‘ keladigan bo‘ldi. Qozog‘iston Respublikasining «KazTransGaz» kompaniyasi bilan erishilgan kelishuvga asosan Gazli-Chimkent-Toshkent-Pungon yo‘nalishi bo‘yicha tabiiy gaz to‘g‘ridan to‘g‘ri Gazli gazni yer ostida saqlash inshootidan Farg‘ona vodiysi iste'molchilariga yetkazib beriladi. Bu vodiydagi ko‘p sonli aholimiz, sanoat va ishlab chiqarish korxonalarini bir maromda va yuqori bosimda tabiiy gaz bilan ta'minlash imkonini yaratdi», – deydi «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati raisi Bahodir Eshmuratov.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval, Farg‘onada gaz va uzluksiz elektr energiya ta'minotidan mahrum mahalliy aholi qanday turmush kechirayotgani haqida maxsus reportaj e'lon qilingandi. Undan tashqari, dekabr oyi ikkinchi o‘n kunligidan buyon avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridagi tirbandlikning sababi ham past bosimdagi gaz ta'minoti bilan izohlangandi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid