O‘zbekiston | 16:43 / 28.01.2019
6765
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda «Sayxun» davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Sirdaryo viloyatida “Sayxun” davlat buyurtma qo‘riqxonasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanidagi Sayxun xo‘jaligi negizida davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklida “Sayxun” davlat buyurtma qo‘riqxonasini tashkil etish bo‘yicha taklifi qabul qilinishi mumkin.

Buyurtma qo‘riqxonasiga umumiy maydoni 372 gektar bo‘lgan yer uchastkasi doimiy foydalanishga ajratib beriladi, uning qo‘riqlanma zonasi maydoni 114 gektar etib belgilab qo‘yiladi.

Belgilab qo‘yilishicha:

qo‘riqlanma zonada buyurtma qo‘riqxonadagi muhofazaga olingan obektlarga salbiy ta'sir qiluvchi xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyat cheklanadi yoki taqiqlanadi;

qo‘riqlanma zonaning yerlari ushbu zonada joylashgan yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar ixtiyorida qoladi.

Belgilanishicha, buyurtma qo‘riqxonasi Davlat ekologiya qo‘mitasining yuritishida bo‘ladi.

Buyurtma qo‘riqxonaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

Sirdaryo bo‘yidagi to‘qay majmuasini uning biologik xilma-xilligi bilan asrash;

to‘qay majmuasining o‘simlik va hayvonot dunyosini takror ko‘paytirish va qayta tiklash;

aholiga ekologik ta'lim va tarbiya berishga ko‘maklashish, ekologik turizmni tashkil etish.

Hujjat bilan “Sayxun” davlat buyurtma qo‘riqxonasini ijro etuvchi apparati tuzilmasi tasdiqlanishi mumkin.

Davlat ekologiya qo‘mitasining buyurtma qo‘riqxona faoliyatini budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga moliyalashtirishi to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinishi mumkin.

Davlat ekologiya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda davlat buyurtma qo‘riqxonasini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish, uning tabiiy bioxilmaxilligini saqlab qolish, yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish va yovvoyi tarzda o‘sadigan o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha pitomniklar tashkil etish, ekologik turizmni tashkil etishga investorlarni jalb qilish bo‘yicha aniq choralar ko‘radi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid