O‘zbekiston | 15:45 / 07.02.2019
53792
3 daqiqa o‘qiladi

«Gaz zapravka»larda narx​ tushmadi, tirbandlik ham yo‘qolmadi

​«O‘ztransgaz» AJ Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi rahbariyati viloyatdagi avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalari — gaz to‘ldirish kompressor stansiyalarida xizmat ko‘rsatish soatlarini cheklashga buyruq bergan. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Ma'lum qilinishicha, 2100 so‘mdan arzonlagan «metan gaz» endi tanqis yoqilg‘iga aylanmoqda. 

«Avval 1900 so‘m bo‘lgan metan, keyinroq 2100 so‘mdan ham oshib ketdi. Ayni paytda narx 2000 so‘mga tushdi, ammo yoqilg‘i tanqis bo‘lyapti. Barcha haydovchilar ko‘p vaqtini navbat kutish bilan o‘tkazishga majbur. Bundan tashqari ayrim «zapravkalar» kechki soatlarda ishlamayapti», — deydi Kun.uz bilan suhbatlashgan haydovchilardan biri. 

«O‘ztransgaz» AJ Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi Termiz tumani bo‘limi vakilining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, ob-havo keskin sovib ketishi oqibatida gaz yetkazib berishda ayrim muammolar yuzaga chiqmoqda. 

«Magistral quvurlar orqali yetkazib berilayotgan gazning bosimi tushib ketdi. Shuningdek, sovuq kunlarda aholining ham gazga bo‘lgan ehtiyoji oshib ketadi. Viloyat boshqarmasidan xat tushgan: kechki soat 18.00dan to 6.00gacha gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari ishlashi belgilangan», — deydi u. 

Suhbatdoshning aytishicha, Termiz tumanida 5ta gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari xizmatlarni taqdim etyapti, bundan tashqari yana bitta stansiya foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. 

Ammo Termiz shahrida gaz to‘ldirish kompressor stansiyasi mavjud bo‘lmagani tufayli ahvol og‘ir. Haydovchilar kunduzi uzoq vaqt navbatda turib, kechga yaqin yopilib qolayotgan gaz to‘ldirish kompressor stansiyalaridan norozi bo‘lishmoqda. 

«Avval narx muammo bo‘ldi, endi tanqislik boshlandi. Qimmat bo‘lsa ham, o‘sha gazni bersin», — deydi Kun.uz bilan suhbatlashgan haydovchi. 

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalari — gaz to‘ldirish kompressor stansiyalariga  limitdan ortiq olingan gaz sarfi uchun belgilangan koeffitsiyent miqdori pasaytirilishi kerak edi. O‘tgan oylar mobaynida xizmat narxining keskin oshib ketishiga limitdan ortiq olingan gaz sarfi uchun 2 koeffitsiyentda to‘lov amalga oshirilishi vaj qilib ko‘rsatilgani inobatga olinib, koeffitsiyent miqdori 1,4 etib belgilanishi kutilayotgandi. Ammo u ham bajarilmay qolyapti.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid