Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda o‘zbek-turk tibbiyot forumi o‘tkaziladi
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Faxruddin Qovja o‘rtasida Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” imzolandi va Toshkentda o‘zbek-turk tibbiyot forumini o‘tkazishga kelishib olindi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Turkiyaning Istanbul shahrida 12-14 fevral kunlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining oliy darajadagi vazirlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish doirasida Alisher Shodmonov Gruziya, Armaniston va Turkmaniston sog‘liqni saqlash vazirlari bilan uchrashdi. Muloqotlarda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, hamkorlik doirasida nafaqat Toshkentda balki, viloyatlarda ham zamonaviy tibbiyot klinikalarini tashkil etish, mutaxassislarning o‘zaro malaka oshirishi, O‘zbekistonda vaksinalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kabi muhim masalalar ham muhokama etildi.