O‘zbekiston | 16:09 / 27.02.2019
76034
2 daqiqa o‘qiladi

Sobiq vazir vazirlikka birinchi o‘rinbosar bo‘lib qaytdi

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziriga birinchi o‘rinbosar tayinlandi. Vazirlik matbuot xizmati xabar qilishicha, Farg‘ona viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan Shuhrat Jo‘raqulovich Teshayev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi

Bu lavozimda Teshayev paxtachilik, urug‘chilik, qishloq xo‘jaligida mexanizatsiyalashtirish, qishloq xo‘jaligida suv resurslari iste'molini tahlil etish masalalari bilan shug‘ullanishi belgilangan.

Shuhrat Teshayev 1969 yilda Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan, 1993 yilda Toshkent davlat agrar universitetini bitirgan, mutaxassisligi bo‘yicha agronom.

U 1996-2010 yillarda O‘zbekiston paxtachilik ilmiy-tadqiqot institutida turli lavozimlarda ishlagan, 2010-2012 yillarda «Paxta» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi bosh direktori, 2012-2014 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining agrotexnologiya masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2014-2016 yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, 2016 yildan esa Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari - O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi bosh direktori bo‘lgan. U 2018 yilning iyulida Farg‘ona viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning yanvar oyi oxirida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Bahodir Yusupov lavozimdan ozod etilib, uning o‘rnini Tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev egallagandi.

Mavzuga oid