Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Parlament hukumatdagi tayinlovlarni ko‘rib chiqishi kerak bo‘ladi
Vazirlar Mahkamasi a'zolari nomzodining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisida ko‘rib chiqilib, ma'qullanganidan keyingina O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanish tartibi joriy etilmoqda. Bu haqda senator Muhamet Jumageldiyev xabar berdi.
Senatorlar ma'qullagan «Hukumatni shakllantirish tartibi demokratlashtirilishi va uning mas'uliyati kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, parlament nomzodlarni ma'qullagach, Prezident ularni lavozimiga tasdiqlaydi.
«Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 79, 93 va 98-moddalari Vazirlar Mahkamasining a'zolariga nomzodlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ma'qullaganidan keyin tayinlash uchun kiritilishiga oid normalar bilan to‘ldirilmoqda», — deydi senator Jumageldiyev.
Bundan tashqari, qonun bilan hukumat a'zoligiga nomzodlarning ko‘rib chiqilishi jarayonida hamda hukumat a'zolari lavozimga tayinlanganidan so‘ng, Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, istiqbolga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar va vazifalarga erishish borasidagi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi harakatlar rejasi taqdim etishi belgilab qo‘yilgan.
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishi yuzasidan har chorak yakuni bilan hisobot taqdim etib borishlari to‘g‘risidagi tartib joriy etilmoqda», — deya qo‘shimcha qilgan senator.
Senat ushbu qonunni ma'qulladi, endilikda u prezident tomonidan imzolanib, qonuniy kuchga kirishi bilan amaliyot ham o‘zgaradi.