O‘zbekiston | 07:40 / 06.03.2019
139605
3 daqiqa o‘qiladi

Gulnora Karimova umumiy tartibli koloniyaga o‘tkazildi

Foto: Getty Images/Yves Forestier

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan 1972 yilda tug‘ilgan Gulnora Islomovna Karimovaga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, insonparvarlik nuqtai nazaridan hamda mahkuma jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘larini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini o‘z zimmasiga olganligini e'tiborga olgan holda, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2018 yil 1 iyuldagi ajrimi bilan G.Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan. Ozodlikni cheklash jazosini o‘tash joyi etib mahkuma G.Karimovaning o‘z tanloviga ko‘ra, qizi Imon Karimovaning yashash joyi belgilangan.

Shu bilan birga, mahkuma G.Karimova zimmasiga qonunchilikda nazarda tutilgan qator cheklovlar, shu jumladan, yashash joyidan chiqib ketmaslik, aloqa vositalaridan va Internetdan foydalanmaslik hamda zararni qoplash majburiyati yuklatilgan.

Mahkuma G.Karimovaga ozodlikni cheklash jazosini o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlagan, shuningdek, sud tomonidan yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, sud jazoning o‘talmay qolgan muddatini boshqa jazo bilan almashtirishi mumkinligi tushuntirilgan.

Lekin mahkuma G.Karimova jazoni o‘tash davrida sud tomonidan o‘rnatilgan cheklovlarni muntazam ravishda buzib, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagan, deyiladi xabarda.

Xususan, mahkuma G.Karimova 2018 yil 22 noyabr kuni yashash joyidan o‘zboshimchalik bilan chiqib ketgan hamda jazoni o‘tash tartibi va shartlarini buzmaslik haqida ogohlantirilgan.

Ogohlantirishga qaramasdan, G.Karimova o‘ziga tegishli xulosa qilmasdan, jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzishda davom etgan, xususan:

muntazam ravishda aloqa vositalaridan, shu jumladan, Internetdan foydalangan;

jinoyat ishi bo‘yicha aniqlangan o‘zi tomonidan yetkazilgan zararning qoplanishiga faol to‘sqinlik qilgan.

G.Karimova jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzganligi sababli jinoyat-ijroiya qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining taqdimnomasiga asosan, 2019 yil 5 martda jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilandi.

Bundan oldin, seshanba kuni Imon Karimova Instagram’da prokuratura xodimlari Gulnora Karimovani noma'lum tomonga uy xalatida olib ketgani haqida xabar berdi. U yozuvga kuzatuv kameralaridan olingan fotosuratlarni qo‘shgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gulnora Karimovaning o‘g‘li onasiga bosim bo‘layotganini bildirgandi.

Mavzuga oid